TOEFL imtihoni haqida batafsil

TOEFL — Test of English as a Foreign Language bugungi kunda dunyoning eng mashhur ingliz tilini baholash testlaridan biri hisoblanadi. Mazkur test abituriyentning ingliz tilida oʻqish, yozish, gapirish va tinglash qobiliyatlarini oʻlchashga qaratilgan. Ushbu blog orqali TOEFL formati, baholash tizimi va boshqa shunga doir maʼlumotlar bilan tanishasiz.

TOEFL 160 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSH, Buyuk Britaniya hamda Yevropa va Osiyodagi 11500 dan ortiq universitet va boshqa taʼlim muassasalari tomonidan qabul qilinadigan test hisoblanadi.

  • TOEFL Primary: Bu 8 yosh va undan katta yoshdagi oʻquvchilar uchun moʻljallangan.
  • TOEFL Junior: Ushbu test 11 yosh va undan katta yoshdagi oʻquvchilar uchun moʻljallangan.
  • TOEFL ITP: Ushbu test universitet darajasidagi talabalar uchun moʻljallangan.
  • TOEFL iBT: Bu test oliy taʼlim olish uchun Universitetga oʻqishga kirmoqchi boʻlgan nomzodlarning ingliz tilini bilish darajasini oʻlchash uchun moʻljallangan. (iBT Internetga asoslangan testni anglatadi)

TOEFLʼning CBT (computer based), PBT (paper based) va iBT turlari mavjud boʻlib, oxirgi paytlarda eng koʻp tarqalgan va barcha uchun qulay shakli — TOEFL iBT boʻlib, iBT “internet based” (internetga asoslangan) degani, yaʼni test online tarzda oʻtkaziladi.

Test formati (TOEFL iBT)

TOEFL iBT jami uch soat davom etadi. Bu vaqt ichida test topshiruvchi 4 ta koʻnikma: reading, writing, speaking va listening boʻyicha imtihon topshiradi.

Har bir boʻlim boʻyicha vaqt chegarasi:

Speaking uchun 17 daqiqa

Writing uchun 50 daqiqa

Reading uchun 54-72 daqiqa

Listening uchun 41-57 daqiqa

Reading

TOEFL iBT® Reading boʻlimi akademik faoliyatda ishlatiladigan oʻquv materiallarini qanchalik yaxshi oʻqish va tushunishingizni baholash uchun moʻljallangan. U 3 yoki 4 ta matnlarni oʻz ichiga oladi. Matnlarning har biri taxminan 700 soʻzdan iborat boʻlib, har bir matn parchasiga doir 10 tadan savol beriladi. Reading boʻlimidagi barcha savollarga javob berish uchun 54 dan 72 daqiqagacha vaqt beriladi.

Matnlar ilm-fanga oid maqolalar yoki universitet darajasidagi darsliklardan olingan ingliz tilidagi parchalardan iborat boʻladi. Aytish kerakki, matnlar turli xil mavzularni qamrab oladi.

Listening

TOEFL iBT® Tinglash boʻlimi sizning ingliz tilida suhbat va maʼruzalarni tushunish qobiliyatingizni baholash uchun moʻljallangan. U quyidagi qismlarni oʻz ichiga oladi:

basic comprehension — oddiy va sodda suhbatlarni tushunish

pragmatic understanding, maʼlumotlarni bogʻlash va sintez qilish

Listeningning speakingga asoslangan boʻlimida 2 turi mavjud — maʼruzalar va suhbatlar. Ikkalasida ham kampus hayotiga oid suhbatlardan foydalaniladi.

  • Jami 3–4 ta maʼruza eshittiriladi. Ularning har biri 3–5 daqiqa davom etadi va har bir maʼruza uchun 6 tadan savol beriladi.
  • 2 kishi oʻrtasida 2-3 ta suhbat, suhbatlarning har biri 3 daqiqa davom etadi. Har bir suhbatga oid 5 tadan savol beriladi.

TOEFLʼda listening testining oʻziga xos jihati shundaki, avval test topshiruvchiga berilgan topshiriqning audiosi eshittiriladi va undan soʻng eshitganlari asosida bajarish uchun savollar kitobi beriladi.

Audioni eshitish davomida testni bajarishda yordam berishi uchun istalgan kerakli elementlarni yozib olishingiz mumkin.

Boʻlimni bajarish uchun 41 dan 57 daqiqagacha vaqt beriladi.

Speaking

TOEFL iBT® Speaking boʻlimi akademik muhitda ingliz tilida samarali gapirish qobiliyatingizni oʻlchash uchun moʻljallangan. U xorijda oʻqish davomida oʻquv xonasida ham, undan tashqarida ham duch kelinishi mumkin boʻlgan real vaziyatlarga asoslangan 4 ta vazifadan iborat boʻladi.

1-savol “mustaqil soʻzlash vazifasi” (independent speaking task) deb ataladi, chunki u javob berishda sizdan butunlay oʻz gʻoyalaringiz, fikrlaringiz va tajribalaringizga asoslanishingizni talab qiladi.

2–4-savollar “integratsiyalashgan nutq vazifalari” (integrated speaking tasks) deb nomlanadi, chunki ular sizdan ingliz tilidagi koʻnikmalaringizni – tinglash va gapirish, yoki tinglash, oʻqish va gapirishni xuddi sinfda yoki sinfdan tashqarida ishlatganingiz kabi kombinatsiya qilishni talab qiladi.

Har bir javobdan oldin sizga 15–30 soniya tayyorgarlik vaqti beriladi va javobingiz 45 yoki 60 soniya davom etadi.

Javob berish uchun siz mikrofonga gapirasiz. Sizning javoblaringiz yozib olinadi va ETS (imtihon markazi)ga yuboriladi, u yerda javoblar haqqoniylik va sifatni taʼminlash uchun sunʼiy intellekt va masʼul insonlar tomonidan baholanadi. Javoblarni qanday baholanishi haqida koʻproq maʼlumotni quyida olishingiz mumkin: https://www.ets.org/s/toefl/pdf/toefl_speaking_rubrics.pdf

Speaking qismi uchun umumiy 17 daqiqa vaqt beriladi.

Writing

TOEFL iBT® testining Writing boʻlimi akademik muhitda ingliz tilida yozish qobiliyatingizni oʻlchash uchun moʻljallangan va siz oʻz gʻoyalaringizni aniq, strukturali tarzda taqdim eta olishingiz kerak boʻladi.

Writingʻda 2 ta vazifa mavjud.

  • Integrated writing task (20 daqiqa) — avval qisqa matnni oʻqib, keyin qisqa audioni tinglab, oʻqigan va tinglagan narsangizga javob yozishingiz kerak boʻladi.
  • Independent writing task (30 daqiqa) — berilgan mavzu asosida shaxsiy tajriba va fikrlarga tayanib insho yozishingiz kerak boʻladi.

Insholar kompyuter klaviaturasida yoziladi (yoki ularni TOEFL iBT® Paper Edition uchun qoʻlda yozish mumkin). Javoblar ETSʼga yuboriladi, u yerda javoblar haqqoniylik va sifatni taʼminlash uchun sunʼiy intellekt va masʼul insonlar tomonidan baholanadi

Yozish boʻlimini bajarish uchun sizda 50 daqiqa vaqt boʻladi.

TOEFL'da baholash tizimi

TOEFL yuqoridagi 4 ta koʻnikma boʻyicha har biri uchun 0-30 0raligʻida baholanadi. Umumiy natija esa ularning yigʻindisiga asoslanib 0-120 oraligʻida boʻladi.

Har bir boʻlimdan olingan ballar quyidagicha talqin qilinadi:

TOEFL va IELTS baholash tizimlarining taqqoslamasi:

TOEFLga registratsiya qanday qilinadi?

TOEFL testi dunyo boʻylab haftada 6 kungacha test markazlari yoki uydan topshirilishi mumkin. TOEFLga vaqtida roʻyxatdan oʻtish muhim hisoblanadi, chunki test topshirishga nomzodlar koʻpligidan joylar toʻlib qolishi mumkin.

TOEFLga roʻyxatdan oʻtishda 2 ta muhim maslahat:

  • Siz TOEFL sertifikatini taqdim etishingiz kerak boʻlgan eng erta muddatdan kamida 2-3 oy oldingi vaqtga test sanasini tanlang. ( Masalan, universitetga qabul 15-oktyabrda boshlansa, shu sanadan 2-3 oy oldin TOEFL testini topshirib qoʻyishni reja qiling).
  • Test topshirmoqchi boʻlgan sanangizdan taxminan 4 oy oldin roʻyxatdan oʻting.

Roʻyxatdan oʻtish

TOEFLga roʻyxatdan oʻtishning eng oson yoʻli — ETS tizimida onlayn akkaunt ochish orqali oʻtish hisoblanadi. Lekin telefon yoki elektron pochta orqali ham roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin.

ETS akkaunt orqali roʻyxatdan oʻtish:

(link: https://www.ets.org/toefl/test-takers/ibt/take/register/online)

  1. ETS akkauntingizni yarating — barcha maʼlumotlarni pasportingizda koʻrsatilganidek kiriting, username va parolingizni yarating va yuboring.
  2. Test topshirish usulini — TOEFL iBT testi, TOEFL iBT® Home Edition yoki TOEFL iBT® Paper Editiondan birini tanlang.
  3. Joy, sana va vaqtni tanlang — mavjud test joylarini koʻrish uchun sinov sanasini tanlang, soʻngra sizga mos keladigan vaqtni tanlang.
  4. Roʻyxatdan oʻtishni yakunlang — qolgan bosqichlarni tugating, natijani qanday qabul qilishni tanlang, testga tayyorgarlik uchun materiallarni sotib oling va test uchun toʻlovni amalga oshiring toʻlang.( 185$)

Telefon orqali roʻyxatdan oʻtish

Elektron pochta orqali roʻyxatdan oʻtish

Roʻyxatdan oʻtganingizdan keyin:

Onlayn roʻyxatdan oʻtish tugallangandan soʻng sizga test sanasi, boshlanish vaqti va test markazi manzili koʻrsatilgan tasdiqlovchi xat keladi. Ushbu maʼlumot ETS akkauntingizda ham mavjud boʻladi. Roʻyxatdan oʻtish maʼlumotlarining hech biri oʻzgarmaganligiga ishonch hosil qilish uchun testdan bir kun oldin akkauntingizni tekshirib qoʻying (masalan, dastlabki rejalashtirilganidan boshqa vaqt yoki binoni).

Qoʻshimcha maʼlumotlar

Aytish mumkinki, TOEFL iBTʼni uyda yoki test markazida topshirish mumkin.

  • Ayni vaqtda Oʻzbekistonda test topshirish narxi — 185 AQSH dollari.
  • Imtihon natijalari test topshirilgan kundan 10 kun oʻtib eʼlon qilinadi.
  • TOEFLʼning ham amal qilish muddati 2 yilni tashkil qiladi.
  • Topshirilayotgan universitetlar reytingiga qarab TOEFL ballining yuqoriligi qabul jarayonlaridan ijobiy rol oʻynaydi.
  • Maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻyicha oʻrtacha TOEFL balli 90 ni tashkil qiladi.
  • Aksariyat top universitetlar 100 va undan yuqori TOEFL balli talab qiladi.

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar