Tavsif
Yosh Iqlim Chempionlari (Young Climate Champions) va Nukus Prezident maktabi tomonidan Oʻzbekistondagi yoshlar uchun moʻljallangan milliy iqlim konferensiyasi — Local Conference of Youth (LCOY) Uzbekistan 2025 taqdim etiladi. Ushbu tadbir BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) qoshidagi rasmiy yoshlar platformasi — YOUNGOning global yoshlar iqlim harakatining bir qismidir.
Dasturning asosiy maqsadlari:
- Oʻzbekistonning barcha hududlaridan 100 nafargacha yoshlarni birlashtirish;
- Milliy yoshlar iqlim bayonotini ishlab chiqish va uni xalqaro iqlim forumlarida (COY20 va COP30, Braziliya) taqdim etishi;
- Yoshlarning iqlim siyosatida ishtirokini kuchaytirish;
- Yoshlar tashabbuslari va ekologik taʼlimni qoʻllab-quvvatlash;
- Mamlakat boʻylab barqaror yosh iqlim yetakchilari tarmogʻini shakllantirish.
Hududlararo adolatli vakillikni taʼminlash maqsadida har bir viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasining uzoq tumanlari va Toshkent shahridan 5 nafardan ishtirokchi tanlab olinadi. Umumiy soni — 70 nafar ishtirokchi. Qolgan 30 ta oʻrin Nukus shahri yoshlari yoki boshqa hududdan kelish va yashash xarajatini oʻzi qoplaydigan qatnashuvchilar uchun ajratiladi.
Konferensiya 2025-yil 27-29-avgust kunlari Qoraqalpogʻistonning Nukus shahrida boʻlib oʻtadi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.