Tavsif
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 02.02.2022 yildagi PQ-112-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida “Ranglar jilosida —ona diyor” rasmlar tanlovi taqdim etiladi.
Tanlov Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat boʻlimlari masʼulligida Toshkent shahrida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladi.
Tanlovdan asosiy maqsad yoshlar ongida mustaqillik tuhfa etgan aziz neʼmat Vatanimizdagi bugungi tinch va osuda hayot, farovonlik, oʻzlikka qaytish va uni anglash, mustaqillik xalqimiz uchun erkin, baxtli va farovon, hech kimdan kam boʻlmagan hayot kechirish imkonini bergani, yoshlarimizning barcha sohalarda oʻz isteʼdod va qobiliyatini toʻla namoyon etishi, istiqlolning qadr qimmati, uning bebaho neʼmat ekanligini his ettirish, intellektual salohiyatli yoshlarni, yosh iqtidorlarni izlab topish va ularni ragʻbatlantirishdan iborat.
Tanlov quyidagi yosh toifalari boʻyicha oʻtkaziladi:
- 7 yoshdan 13 yoshgacha boʻlgan yosh ijodkorlar;
- 14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan yosh ijodkorlar;
- 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yosh ijodkorlar.
Tanlov quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
Birinchi bosqich — viloyat bosqichi: 1-avgustdan 20-avgustga qadar Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat boʻlimlari tomonidan tashkil etiladi. Viloyat bosqichida har bir yosh toifasida 1-, 2-, 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻoliblarga Respublika bosqichiga yoʻllanma beriladi.
Ikkinchi bosqich — respublika bosqichi: sentyabr oyida respublika Tashkiliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladi.
Tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi hamda tanlov gʻoliblarining ijodiy koʻrgazmasi 2024-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Xalqaro madaniyat karvon saroyida oʻtkaziladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.