Tavsif
AQShning Texas shtatidagi Xyuston shahrida joylashgan Oy va sayyoralar instituti tomonidan yozgi amaliyot dasturi eʼlon qilinadi. The LPI Summer Intern Program dasturi astronomiya sohasidagi bakalavr talabalariga zamonaviy tadqiqotlar olib borish, astronomiya sohasi boʻyicha yetakchi mutaxassislardan dars olish va va ushbu soha boʻyicha ajoyib karyerasini yaratganlar bilan tanishish imkoniyati yaratadi. Dasturga qabul qilingan ishtirokchilar 2026-yil 1-iyundan 7-avgustgacha yaʼni 10 hafta davomida amaliyot olib borishadi. Amaliyot davomida talabalar soha boʻyicha bilimlarni oshirishga moʻljallangan maʼruza va seminarlarda ishtirok etishadi. Dasturda 50 kredit soatdan ortiq oʻqigan (kamida 1-kursni tugatgan) barcha bakalavriat talabalari ishtirok etishlari mumkin. Ammo, fizika, tabiiy fanlar, kompyuter fanlari va matematika sohasi talabalariga ustunlik beriladi.
Dasturga ariza topshirish jarayoni 2025-yil 12-dekabrgacha davom etadi. Amaliyot NASA Jonson Koinot markazi (NASA Johnson Space Center)da boʻlib oʻtadi. Dastur davomida ishtirokchilarning turar-joy, yashash, transport va shu kabi xarajatlarni qoplash uchun $13,351 miqdordagi bir martalik stipendiya taqdim etiladi. Xalqaro talabalarga AQShga kelish uchun $1,500 mablagʻ ajratiladi.
Dastur haqida ushbu havola orqali toʻliq maʼlumot olish mumkin.