Tavsif
AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi Fudokan Karate-Do boʻyicha professional instruktorlar, Amerika psixologlar assotsiatsiyasi aʼzosi boʻlgan professional psixolog – AQSh xalqaro almashinuvi dasturlarining bitiruvchilari – bilan hamkorlikda qizlar va ayollar oʻzlarini himoya qilishlari uchun zarur boʻlgan koʻnikmalar va oʻz-oʻziga boʻlgan ishonchni rivojlantirishga qaratilgan oʻz-oʻzini himoya qilish boʻyicha oʻquv dasturining 2025-yildagi navbatdagi raundini Toshkent shahrida boshlamoqda.
Mazkur loyihaning oʻtgan yilgi muvaffaqiyati, ishtirokchilarning ijobiy fikr-mulohazalari, mahalliy hamjamiyatga koʻrsatgan foydasiga tayangan holda hamda oʻz-oʻzini himoya qilish dasturlariga boʻlgan katta talabni inobatga olib, tashkilotchilar mazkur loyihani 2025-yilda ham davom ettirishga qaror qildi.
Mashgʻulotlar 2025-yil yanvar oyidan boshlab BeFit Box zamonaviy sport zalida uch oy davomida oʻtkaziladi. Mashgʻulotlarning aniq boshlanish sanasi boʻyicha maʼlumot tanlab olingan barcha ishtirokchilarga qoʻshimcha ravishda yetkaziladi. Ikkita yosh toifasida guruhlar tashkil etiladi:
- A guruhi: 13 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan qizlar – seshanba, payshanba va shanba soat 15:00 dan 16:00 gacha.
- B guruhi: 18 yoshdan oshgan ayollar – seshanba, payshanba va shanba soat 20:00 dan 21:00 gacha.
Har bir guruh ishtirokchilari soni 30 kishidan oshmaydi.