Tavsif
Spotlight Digital Challenge gʻoyalar marafoni onlayn tarzda, 3 kun mobaynida oʻtkaziladi. Har bir jamoaga ayollar va qizlarga nisbatan gender asosidagi zoʻravonlikni bartaraf etish boʻyicha texnologik gʻoyalarni (masalan, mobil ilovalar va veb-xizmatlar) ishlab chiqish uchun 48 soat vaqt beriladi.
Marafon, Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Barqaror Rivojlanish Maqsadlaridan biri “Gender Tengligi” doirasida amalga oshiriladi.
Spotlight tashabbusi 2030-yilgacha ayollar va qizlarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllarini tugatish boʻyicha dunyodagi eng yirik saʼy-harakatlardan biridir.
Har bir mamlakat va mintaqaviy dastur zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha qonunchilikdagi kamchiliklarni bartaraf etishga, institutlarni mustahkamlashga, gender tengligi gʻoyalarini ilgari surishga qaratilgan. Maʼlumotlarni toʻplash usullarini takomillashtirish va gender statistikasi sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu dasturlarni amalga oshirish qashshoqlikni bartaraf etish va barqaror dunyoni barpo etish uchun 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga kiritilgan “taraqqiyotning afzalliklaridan hech kim orqada qolmaydi” tamoyili asosida qurilgan.
Ishtirokchilar 3-5 kishilik jamoa bilan qatnashishi mumkin. Individual ishtirokchilar qatnasha olmaydi.
Gʻoyalar marafonida quyidagi 3ta trekdan (yoʻnalish) biri boʻyicha ishtirok etish mumkin:
- Zoʻravonlikning oldini olish;
- Zoʻravonlik haqida maʼlumot toʻplash;
- Zoʻravonlikdan omon qolganlarga yordam.
Marafon haqida batafsil maʼlumot, spikerlar, marafon kun tartibi haqida rasmiy sayt orqali tanishib chiqish mumkin.