Dasturga qabul jarayoni 2025-yil 27-yanvargacha davom etadi. Nomzodlar soʻralgan hujjatlarni Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasiga olib borishlari kerak boʻladi. Onlayn joʻnatilgan hujjatlar qabul qilinmaydi. Ariza uchun soʻralgan hujjatlar roʻyxati quyidagicha:
- Soʻrovnoma-ariza (Application form);
- Institutlarni tanlash (Placement Preference Form);
- Talabaning reyting daftarchasidan koʻchirma. Yapon tili va madaniyatiga oid fanlar “*” bilan belgilanishi kerak. Hujjatlarda universitet muhri va rahbar imzosi boʻlishi shart;
- Oliy oʻquv yurtida kamida bir yil yapon tilini oʻrganganligini tasdiqlovchi hujjat. Bu hujjat 3-banddagi hujjat boʻlmagan taqdirda topshiriladi;
- Ariza beruvchi oliy oʻquv yurtining talabasi ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
- Oliy oʻquv yurtining oʻqituvchisi, ilmiy rahbari yoki dekani nomidan yozilgan tavsiyanoma;
- Tibbiy guvohnoma;
- Yapon tili boʻyicha malakani tasdiqlovchi hujjat.
Eslatma! Nomzodlar taqdim etgan hujjatlar qaytarib berilmaydi. Hujjatlar asl nusxada boʻlishi lozim.
Dasturga ariza topshirish davomida quyidagilarga alohida eʼtibor berish lozim:
- Barcha hujjatlar qatʼiyan ingliz yoki yapon tillarida toʻldirilgan va tuzilgan boʻlishi lozim;
- Toʻgʻri toʻldirilmagan yoki hujjatlar toʻliq topshirilmagan taqdirda, Yaponiya elchixonasi nomzodni saralashning keyingi bosqichiga oʻtkazmaslik huquqini saqlab qoladi;
- Soʻrovnomaning 1-bandida ingliz tilidagi ismi-sharifingiz pasport boʻyicha yozilishi lozim (ota ismini yozilmaslik kerak). 17-bandida Oʻzbekiston tizimi boʻyicha olingan taʼlim maʼlumotida “Primary Education” degan joyida 1-sinfdan 4-sinfgacha 4 yil koʻrsatiladi; “Lower Secondary Education” qismida 5-sinfdan 9-sinfgacha 5 yil; “Upper Secondary Education” degan qismida kollej va litseydagi 3 yil; “Tertiary (Higher) Education (Undergraduate)” qismida oliy oʻquv yurtidagi bakalavr oʻquv yillari (taʼtil oylari qoʻshilgan holda toʻliq yil inobatga olinsin);
- Talab etilgan barcha hujjatlarning yuqori oʻng burchagiga 1 dan 8 gacha raqamlab chiqish lozim;
- Hujjatlarni stepler bilan biriktirmaslik kerak;
- Nomzod taʼlim olishni istagan universitetni (Institutlarni tanlash shakli) Yaponiyaning elchixonasida bor “Course Guide for Japanese Studies Students” katalogdan koʻrsatiladi;
- Ushbu dasturda oʻqishni tugatgandan soʻng Oʻzbekistonga qaytish talab qilinadi. Ishtirokchi taʼlim muassasasining ilmiy rahbari yoki rahbariyati bilan keyingi taʼlim rejasini muhokama qilishi shart;
- Tibbiy guvohnoma taqdim etilgandan soʻng nomzod sogʻligʻida oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda, bu haqda darhol Yaponiya elchixonasiga xabar berishi shart.
Dastur saralash jarayoni quyidagicha:
Birinchi bosqich - Nomzodning Yaponiya elchixonasiga taqdim etilgan hujjatlari, yozma imtihon va suhbatlashish yakunlari boʻyicha tanlov asosida saralash oʻtkazadi. Saralash natijalari 2025-yil 4-fevralda eʼlon qilinadi. Natijalarni Yaponiya elchixonasiga telefon qilib bilib olish mumkin;
Ikkinchi bosqich - Saralashning birinchi bosqichidan oʻtgan nomzodlar Yaponiya taʼlim vazirligiga (MONBUKAGAKUSHO: MEXT) tavsiya etiladi. MEXT tanlovning ikkinchi (yakuniy) bosqichini olib boradi. Ushbu bosqich 2025-yil 16-fevralda boʻlib oʻtadi va unda yapon tili boʻyicha yozma imtihon olinadi. Natijada tavsiya etilgan nomzodlar orasidan grant gʻoliblari aniqlanadi.
Dasturga ariza topshirish jarayoni haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot olish mumkin.
Ariza topshirish jarayoni boʻyicha ingliz tilidagi qoʻllanma bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Ariza topshirish jarayoni boʻyicha yapon tilidagi qoʻllanma bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Ariza topshirish jarayoni boʻyicha rus tilidagi qoʻllanma bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.