Tavsif
DESY Summer student program bakalavr va magistratura talabalari uchun Germaniyaning DESY tadqiqot markazida yozgi amaliyot oʻtash imkoniyatini taqdim etadi. Dasturda fizika, fizikaga aloqador tabiiy fanlar va hisoblash (computing) boʻyicha bakalavrning 4-kurs va magistratura talabalari ishtirok etishi mumkin.
Dasturning ushbu mavsumida ishtirokchilar Gamburg yoki Zeuthen (Berlin yaqinida) laboratoriyalarida tadqiqot olib borishlari mumkin boʻladi. Dastur 2026-yilning 21-iyulidan 10-sentyabrga qadar davom etadi. Dastur 2 qismdan iborat boʻladi:
- Work projects — Tadqiqot loyihalari. DESY tadqiqot guruhlarining kundalik ishlariga qoʻshiladi va ushbu mashgʻulotlardan birida qatnashadi. Ushbu jarayon onlayn va oflayn rejimda olib boriladi;
- Lecture program — Maʼruza darslar. DESY da olib borilgan ilmiy tadqiqotlar bilan bogʻliq bir qator maʼruzalar (ingliz tilida oʻqiladi) ham boʻladi. Maʼruzalar asosan veb-translyatsiya orqali uzatiladi.
Mahalliy loyihalar uchun qabul qilingan talabalar haftasiga 39 soat ishlashi kutilmoqda. Ular yashash uchun stipendiya — kuniga 28,5 yevro bilan taʼminlanadi, sayohat xarajatlari qisman qoplanadi va DESY hostelida bepul yashash imkoniyatiga ega boʻladi.
Dasturning avvalgi mavsumlari haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.