Tavsif
Shveytsariyaning CERN tashkiloti tomonidan fizika, muhandislik, informatika va matematika yoʻnalishida oʻqiyotgan kunduzgi bakalavr va magistr talabalari uchun maxsus CERNʼs Summer Student Programme tashkil etilgan.
8-13 hafta davom etadigan ushbu amaliyot davrida ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlariga doir maʼruzalarda qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda butun dunyo boʻylab tajribali olimlar nazariy va eksperimental fizika, muhandislik va hisoblash sohalaridagi mavzular boʻyicha oʻz bilimlarini baham koʻrishadi. Dastur asosini CERN obyektlariga tashriflar, shuningdek, muhokama sessiyalari va seminarlarda ishtirok etish tashkil etadi.
Amaliyot yakunida qatnashchilar oʻzlari ishtirok etgan loyiha yoki tajriba boʻyicha hisobot topshirishlari kerak. Dastur davomidagi seminar va mashgʻulotlar haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning safar xarajatlari moliyalashtiriladi va yashash xarajatlari uchun kunlik stipendiya bilan taʼminlanadilar.