Tavsif
Istiqbolli izlanishlar va qoʻshimcha taʼlim markazi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti yetakchisi hamda Taʼlim muassasalarida elektron taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan Iqtisod sohasiga qiziquvchi barcha talabalar uchun onlayn fan olimpiadasi tashkil etilmoqda.
Olimpiada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 176-son qarorida belgilangan talablarni inobatga olib, oliy taʼlim muassasalari talabalarining ixtisoslik va umumkasbiy fanlar boʻyicha oʻz qobiliyatlarini namoyon etish, rivojlantirish va ularning isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishga keng imkoniyatlar yaratishga yoʻnaltirilgan.
Olimpiadaning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:
- Talabalarda ijodiy qobiliyatlarni hamda ilmiy-tadqiqotchilik faoliyatiga boʻlgan qiziqishni rivojlantirish;
- Tayanch kompetensiyalarni, kasbiy-ahamiyatli shaxs sifatlarini, egallangan bilimlarni amaliyotda qoʻllash motivatsiyalarini shakllantirish;
- Yoshlar oʻrtasida ilmiy bilimlarning keng tarqalishi va ommalashishiga erishish;
- Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va intellektual rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni kengaytirish.
Olimpiadaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
- Iqtidorli va qobiliyatli talabalarni saralash va qoʻllab quvvatlash hamda ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishlariga sharoit yaratish;
- Intellektual salohiyatini rivojlanish imkoniyatlarni kengaytirish;
- Mantiqiy fikirlash va ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish;
- Nostandart vaziyatlarda mustaqil yechimlar qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantirish.
“Iqtisodiyot” boʻyicha fan olimpiadasi bir bosqichda onlayn test shaklida tashkil etiladi. Ushbu tanlov 2022-yil 22-yanvar kuni Respublika bo'yicha oliy o‘quv yurtlari talabalari o’rtasida Onlayn olimpiadasi o‘tkaziladi.
Olimpiada gʻoliblari olimpiada topshiriqlarining talabalar tomonidan bajarilish darajasiga qarab 1, 2 va 3-oʻrinni olgan olimpiada qatnashchilari pul mukofotlari va universitetning sertifikatlari bilan taqdirlanadilar.