Tavsif
“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostidagi maqolalar tanlovi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yangi tizimini yaratishda talaba-oʻquvchilarning ishtirokini taʼminlash, ularning ilmiy-ijodiy ishlarini ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilgan holda amaliyotga tatbiq qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5040-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
Ushbu maqolalar tanlovida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-oʻquvchilar oʻzlarining ilmiy-ijodiy ish (maqola)lari bilan ishtirok etadilar.
Tanlovning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, isteʼdodli yoshlarni aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yangi tizimini yaratishda hamda oliy maqsadlarimizdan biri boʻlgan Uchinchi Renessans poydevorini qurishda yoshlarning ishtirokini taʼminlash va ularda daxldorlik fazilatlarini qaror toptirish, milliy va diniy qadriyatlarni tiklashdan iborat.
Tanlov vazifalari quyidagilardan iborat:
- Yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim koʻnikmalarini yanada yuksaltirish;
- Yoshlar oʻrtasida ilmiy, ilmiy-ommabop, ijodiy, publitsistik maqolalar, insholar yozish koʻnikmalarini shakllantirish;
- Yoshlarning oʻz iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil va erkin fikrga ega isteʼdodli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
- Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻladigan yuksak maʼnaviyatli avlodni tarbiyalash;
- Yangi Oʻzbekistonda maʼrifatli jamiyatni barpo etishda yoshlarning rolini oshirish.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy-ijodiy ish (maqola)lar quyidagi shoʻbalarda qabul qilinadi:
- Yuksak maʼnaviyatli avlod – Uchinchi Renessans bunyodkorlari;
- Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik oʻzbek xalqining yuksak qadriyatidir;
- Yangi Oʻzbekiston maʼrifatli jamiyatini yaratishda yoshlarning oʻrni;
- Yoshlar hayotida virtuallashuv sabablari va omillari.