Tavsif
Qirgʻizistonning Bishkek shahrida joylashgan OSCE akademiyasi xalqaro tashkilotlar, xalqaro taraqqiyot tashkilotlari, xalqaro nodavlat (notijorat) tashkilotlari, davlat va jamoat institutlarining mutaxassislari uchun loyiha boshqaruvi boʻyicha 2023-yil 7-avgustdan 11-avgustgacha oʻtkaziladigan bepul trening taqdim etadi. Ushbu treningda loyihalarning asoslari hamda uning boshlanishidan to yakunlash va yetkazib berishgacha boʻlgan jarayoni koʻrib chiqiladi. Trening davomida ishtirokchilar quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlishlari mumkin:
- Loyiha va uning asoslarini batafsil oʻrganish;
- Muvaffaqiyatli loyihalarni samarali boshqarish va amalga oshirish uchun amaliy koʻnikmalarga ega boʻlish;
- Soha boʻyicha professional malakaga ega mutaxassislar bilan fikr almashish.
Trening dunyoning yetakchi tashkilotlarida 22 yildan ortiq konsalting tajribaga ega, biznes va loyiha boshqaruvi boʻyicha 15 yildan beri maʼruza berib kelayotgan doktor Valid Guma tomonidan olib boriladi.
Maʼlumot uchun: OSCE akademiyasi 2002-yilda Qirgʻizistonda Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasi asosida tashkil etilgan jamoat fondidir. Ushbu akademiya oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, kasbiy tayyorgarlik va intellektual almashinuv orqali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadi, mojarolarning oldini olish va Markaziy Osiyoda samarali boshqaruvni qoʻllab-quvvatlaydi. Akademiya “Iqtisodiy boshqaruv va taraqqiyot”, “Siyosat va xavfsizlik” yoʻnalishlari boʻyicha magistrlik dasturlarini taqdim qiladi, yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi va talablarga asoslangan holda tadqiqotlar olib boradi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.