Umumiy maʻlumotlar
“Leaders for Future” butun dunyo boʻylab yetakchi yoshlar uchun Germaniyaning Berlin shahrida amaliyot oʻtash imkoniyatini taqdim etuvchi dastur hisoblanadi. Dastur davomida ishtirokchilar oʻz kasbiy mahoratlarini mustahkamlash, xalqaro muhitda kuchli mutaxassislar bilan ishlash bilan birga koʻplab tanishlar orttirish imkoniga ega bo'ladilar. Dasturda murakkab muammolarga yechim topish, jamoa bilan ishlash kabi shaxsiy va ijtimoiy koʻnikmalarga ega boʻladilar.
Ushbu amaliyot dasturining asosiy maqsadi butun dunyo uchun ijobiy oʻzgarish qila oladigan yetakchi yoshlar tarmogʻini hosil qilishdan iborat.
Maqbullik shartlari
Dasturda qatnashish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- Nomzod 35 yoshdan katta boʻlmasligi kerak;
- Ingliz yoki nemis tilini kamida B1 darajada bilishi lozim;
- Barcha davlat fuqarolari qatnasha oladi;
- Ishtiyoqi baland, masʼuliyatli va mustaqil fikrga ega boʻlishi kerak.
Talablar haqida batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olishingiz mumkin.
Foydali tomonlari
Dastur 3 xil stipendiya dasturini tavsiya qiladi:
- Full scholarship — toʻliq moliyalashtiriluvchi. Bunda administrativ xarajatlar, dastur uchun maslahat berish, javobgarlik sugʻurtasi va turar joy xarajatlari qoplanadi. Qoʻshimcha har oy choʻntak puli ham beriladi.
- Partial scholarship-plus — qisman moliyalashtiriluvchi-plus. Bunda administrativ xarajatlar, dastur uchun maslahat berish, javobgarlik sugʻurtasi xarajatlari qoplanadi va qoʻshimcha har oy choʻntak puli ham beriladi. Faqat turar joy ijara narxining 50%i qoplab beriladi.
- Partial scholarship — qisman moliyalashtiriluvchi. Bunda administrativ xarajatlar, dastur uchun maslahat berish, javobgarlik sugʻurtasi xarajatlari qoplanadi va qoʻshimcha har oy choʻntak puli ham beriladi. Ammo nomzodning oʻzi turar joy xarajatlarini qoplashi lozim.
Hujjat topshirish
Dasturga qabul jarayoni 3 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqichda Onlayn ariza topshiriladi (1-fevraldan 21-fevralgacha);
- 2-bosqichda saralanganlarga YOUTUBE orqali maxsus topshiriq beriladi (mart oylari boshida);
- 3-bosqichda tanlab olingan nomzodlar bilan intervyu oʻtkaziladi (mart oyi oʻrtalarida)
Ariza topshirishda faqat CV kerak boʻladi. CV lar ingliz yoki nemis tilida yozilgan boʻlishi, 1 sahifadan oshmasligi kerak. Namuna uchun ushbu havolaga oʻting.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
Bu yilgi yozgi amaliyot dasturi 28-iyundan 22-avgustgacha davom etadi.
Qoʻshimcha savol va murojaatlar uchun: application@copernicusberlin.de