Tavsif
Oxiana Fellowshiр dasturi Oʻzbekistondagi yuqori akademik koʻrsatkichga ega, ijtimoiy jihatdan faol yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni chet elda oʻqishlari uchun xolisona kerakli maslahatlar berishni maqsad qilgan dastur hisoblanadi.
Qabul qilingan nomzodlar 4 oy davomida onlayn darslarda ishtirok etish orqali har xil loyihalarni yaratish va innovatsion gʻoyalarni amalda qoʻllash uchun yetarli kuch va motivatsiyaga ega boʻladi. Oʻzlarining oldiga shaxsiy reja va maqsadlarini belgilab oladi va ularni amalga oshirish uchun ilk qadamni ushbu jamoa yordami bilan boshlaydi.
Joriy yildan boshlab dasturda qatnashish narxi oyiga 100 AQSh dollari. Ammo, agar nomzod dasturga qabul qilinsa, lekin toʻlovni toʻlay olmasa, 100% bepul qatnashish imkoniga ega.
2020-yilda tashkil etilgan Oxiana Fellowshiр jamoasi shu kunga qadar akademik jihatdan yuqori koʻrsatkichga ega va mehnatsevar yoshlarga nufuzli dasturlar, jumladan, UWC, TechGirls, qolaversa, AQShning yetakchi universitetlariga ariza topshirishda yordam berib kelmoqda.
Ushbu dastur davomida ishtirokchilar muvaffaqiyatli va tajribali Mentorlar, jumladan, AQShning yetakchi universitetlarida toʻliq stipendiya asosida oʻqiyotgan oʻzbekistonliklar bilan suhbat qurish va ulardan maslahat olish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.