Dasturda qatnashmoqchi boʻlganlar Charlz universitetining talabalarga axborot berish markazi (Student Information System) tizimida roʻyxatdan oʻtishi kerak. Tizimda roʻyxatdan oʻtilgandan soʻng kerakli bosqich va yoʻnalishni tanlab, talab qilingan hujjatlar yuklanadi.
Talab qilinadigan hujjatlar:
- CV;
- Motivatsion xat;
- Chop etilgan ilmiy ishlar, maqolalar yoki tezislar roʻyxati (agar mavjud boʻlsa);
- Akademik transkriptlar;
- Grantga topshirilgan ariza (qatʼiy bir ariza shakli belgilanmagan, masalan, ism-familiya toʻliq yozilgan va grantga ariza topshirish yoritilgan elektron pochta xabari ham ariza sifatida qabul qilinadi);
- Nomzodning ish joyi yoki oʻqish joyidagi oʻqituvchisi tomonidan yozilgan 2 ta tavsiyanoma.
Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi yoki ushbu tilga tarjima qilingan boʻlishi lozim;
Demak, yuqoridagi roʻyxatda keltirilgan hujjatlar talabalarga axborot berish markazi (Student Information System) tizimiga yuklanishi, ariza boʻlsa admission@matfyz.cuni.cz elektron manzili orqali joʻnatilishi kerak. Yuborilayotgan elektron xabar mavzusi quyidagi shaklda yozilishi zarur: “CSTFS application-ism familiya);
Tavsiyanomalar uni beruvchining shaxsan oʻzi tomonidan admission@matfyz.cuni.cz elektron manziliga “CSTFS recommendation- ism familiya (nomzodniki)“ mavzusi bilan joʻnatilishi lozim.
Muhim! Oʻqishning oxirgi bosqichida oʻqiyotgan va hali diplomini olmagan nomzodlar, oʻzining oxirgi bosqichda oʻqiyotganini isbotlovchi hujjat taqdim etishi, diplomni esa berilgandan soʻng yuklashi mumkin.
Dastur saralash jarayoni quyidagicha:
- Saralash jarayoni Charlz universitetining matematika va fizika fakulteti dekani tomonidan amalga oshiriladi;
- Nomzodlarni saralashda ularning akademik koʻrsatkichlari inobatga olinadi;
- Grantni bekor qilish yoki gʻoliblarni tanlab olish fakultet dekani tasarrufidadir;
- Saralash natijalari 2025-yil 31-mayga qadar eʼlon qilinadi. Gʻolib oʻqishdan bosh tortgan taqdirda grant boshqa nomzodga taklif qilinadi;
- Grant faqatgina Charlz universitetida oʻqish uchun ajratilgan boʻlib, boshqa universitetni tanlash yoki oʻqishni koʻchirish imkoni yoʻq;
- Bakalavriat bosqichi boʻyicha nomzod toʻliq oʻqishi va uch yil ichida dasturni yakunlashi kutiladi. Agar birinchi yil oxirida olingan kreditlar soni 60 dan kam boʻlsa yoki ikkinchi yil oxiriga kelib 120 dan kam boʻlsa yoki dastur uch yil ichida tugallanmagan boʻlsa, qolgan qismi uchun stipendiya bekor qilinadi;
- Magistratura bosqichi boʻyicha nomzod toʻliq oʻqishi va dasturni ikki yil ichida yakunlashi kutiladi. Agar birinchi yil oxirida olingan kreditlar soni 60 dan kam boʻlsa yoki dastur ikki yil ichida tugallanmagan boʻlsa, qolgan qismi uchun stipendiya bekor qilinadi.
Eslatma! Charlz universitetiga hujjat topshirish uchun 1,500 chex krona (taxminan $62) miqdorida badal puli mavjud.
Dasturga kerakli hujjatlarni ushbu havola orqali yuklash mumkin.