Tavsif
Kiberxavfsizlik sohasi boʻyicha magistratura bosqichini oʻqishga qiziqqan barcha talablar uchun grant dasturi — CYBERSURE (Masterʼs Programme in Cybersecurity and Assurance) taqdim etiladi.
CYBERSURE — bu nufuzli Erasmus Mundus Joint Master Degree dasturi boʻlib, butun dunyo boʻylab iqtidorli nomzodlarga toʻliq va qisman moliyalashtiriladigan grantlarni taqdim etadi.
Dastur akademik jihatdan mukammallashishni istagan, texnik salohiyat va kiberxavfsizlik sohasini rivojlantirishga intiladigan nomzodlarni aniqlashga qaratilgan.
Har bir talabaga individual yondashuv va sifatli taʼlimni taʼminlash maqsadida dasturga faqatgina cheklangan miqdordagi talabalar qabul qilinadi (yiliga 25–35 nafar talaba).
Dastur uchun talab qilinadigan asosiy bilimlar:
- Matematika: chiziqli algebra, hisoblash (calculus), statistika, diskret matematika;
- Dasturlash (Programming);
- Algoritmlar va maʼlumotlar tuzilmalari (Data structures);
- Hisoblash nazariyasi (Theory of computation);
- Kompyuter tarmoqlari (Computer networks);
- Kriptografiya asoslari.
Saralangan talabalar magistratura bosqichini 2026-yil avgust oʻrtalarida Norvegiyaning Trondheim shahrida joylashgan Norvegiya Fan va Texnologiyalar Universitetida (Norwegian University of Science and Technology) oʻqishni boshlashlari rejalashtirilgan.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.