Tavsif
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ilgʻor xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada bosqichida taʼlim olish uchun jami 420 o‘ringa mo‘ljallangan 1-stipendiya tanlovini eʼlon qiladi!
“Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi” loyihasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga oʻqishga yuborish koʻlamini 2 baravarga oshirilgan va bu yil quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha stipendiyalar ajratilishi nazarda tutilgan:
- kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sunʼiy intellekt sohalari;
- atom va quyosh energetikasi hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa innovatsion yoʻnalishlari;
- sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, telemeditsina, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya sohalari;
- elektroenergetika, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlari;
- mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, toʻqimachilik va mahsulotlarni standartlashtirish yoʻnalishlari;
- tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bogʻdorchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi agrar sohaning muhim tarmoqlari.
Har bir bosqichi uchun ajratilgan o‘rinlar soni:
- bakalavriat taʼlim dasturi uchun - 120 ta;
- magistratura taʼlim dasturi uchun - 180 ta;
- doktorantura taʼlim dasturi uchun - 120 ta stipendiyalar ajratilishi nazarda tutilgan.
Eslatma: Barcha taʼlim dasturlari boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kamida 20 ta oʻrin ajratilib, bunday yoshlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Nomzodlarning hujjatlari 2022-yil 10-yanvardan – 10-fevralga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.