Tavsif
Enterprise Singapore agentligi Agorize kompaniyasi bilan hamkorlikda innovatsion yechimlarga ega yangi va qiziqarli startaplarni kashf etish maqsadida SLINGSHOT —2023 tanlovini eʼlon qiladi. Ishtirokchilar dunyoning eng yaxshi innovatsion markazlaridan biri Singapurda oʻz gʻoyalarini global miqyosdagi investorlar auditoriyasiga namoyish qilishlari va 1,2 million Singapur dollarigacha pul mukofotlari yutishlari mumkin.
Tanlovda yaxshi deb topilgan 50 ta startap uchun Osiyoning yetakchi startap hamjamiyatiga oʻz innovatsion yechimlarini namoyish qilish imkonini beruvchi, Singapur innovatsiyalar va texnologiyalar haftaligi doirasida boʻlib oʻtadigan finalga borish uchun xarajatlar tashkilot tomonidan qoplanadi.
Musobaqa quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- Birinchi bosqich — saralash. Startaplar 2023-yil 10-apreldan 17-iyulgacha qabul qilinadi. Ushbu bosqich oxirida 250 ta startap ikkinchi bosqichga oʻtish uchun tanlanadi;
- Ikkinchi bosqichda startaplar 2023-yil 25-avgustdan 12-sentabrgacha qabul qilinadi. Ushbu bosqich oxirida 50 ta ish finalga oʻtish uchun tanlanadi;
- Uchinchi bosqich — final. Startaplar 2023-yil 31-oktabrdan 2-noyabrgacha qabul qilinadi. Final oflayn tarzda Singapurning Marina koʻrfaziga qaraydigan kurortda boʻlib oʻtadi.
Saralashda nomzodning ijodkorligi, soha boʻyicha qobiliyati va murakkab muammolarni hal qilishda zukkoligi hisobga olinadi.
Maʼlumot uchun: Enterprise Singapore kompaniyalarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlovchi davlat agentligi hisoblanadi. Agentlik kompaniyalarning oʻz innovatsiyalari bilan xalqaro miqyosda ishlash imkoniyatini yanada oshirish bilan shug'ullanadi.
Tanlov haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.