Tavsif
“ICT4Girls” olimpiadasi axborot texnologiyalari va informatika bo‘yicha iqtidorli qizlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va sohada rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Olimpiada qizlarni IT sohasiga keng jalb qilish, ularning dasturlash va algoritmlash bo‘yicha bilimlarini oshirish hamda xalqaro musobaqalarga tayyorlashga qaratilgan. Olimpiadada topshiriqlar C++ yoki Python dasturlash tillarida kod yozish orqali amalga oshiriladi. Bunda ishtirokchilarga tanlagan dasturlash tili bo‘yicha 10 ta test topshirig‘i beriladi. Berilgan test topshirig‘idan 5 ta savolga to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar Olimpiadaning hududiy bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Olimpiada 2 bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich - hududiy bosqich: Berilgan topshiriqlar to‘plamidagi masalalarni ishlab, yuqori ball to‘plagan kamida birinchi 3 nafar ishtirokchi (bunda yechilgan masalalar soni 0 dan ko‘p bo‘lishi kerak) Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.
2-bosqich - Respublika bosqichi: Yuqori ball to‘plagan birinchi 12 nafar ishtirokchi ICT4Girls olimpiadasi g‘olibi deb topiladi va munosib taqdirlanadi.
Bonus: Joriy yilda ICT4Girls olimpiadasining g‘oliblari uchun sport dasturlash bo‘yicha maxsus butkemp tashkil etiladi va butkemp so‘ngida saralangan 4 nafar qiz 14-20-iyul kunlari Germaniyaning Bonn shahrida bo‘lib o‘tadigan Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (EGOI 2025)da O'zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etadi.
Dasturda ishtirok etish uchun 23-mart soat 23:59 ga qadar ro‘yxatdan o‘tish lozim. Olimpiada joriy yil aprel oyida bo‘lib o‘tadi.
Dastur haqida ushbu havola orqali to‘liq ma’lumot olish mumkin.