Tavsif
Yoshlar ishlari agentligi Ilm-fan oromgohi va Qizlar ovozi klubi bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishi olib borayotgan barcha yosh ayol-qizlar uchun toʻliq moliyalashtiriladigan “Ilm-fan oromgohi” loyihasini taqdim etadi. 5 kunlik oromgohda oʻqish, yashash hamda ovqatlanish xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplab beriladi. Dastur davomida turli sovrinli tadbirlar tashkil etiladi hamda unda faol ishtirok etgan, maʼlum bir natijaga erishgan yoshlarga esdalik sovgʻalari taqdim etiladi.
Yosh ayol-qizlarni ilmiy tadqiqot ishlarini natijadorligini oshirish, ularni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, iqtidorli talaba qizlarni izlab topish, ularni ragʻbatlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqishlarini orttirish va ilm-fanga jalb qilish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Dastur davomida ishtirokchilar ilmiy faoliyat boʻyicha quyidagi bilimlarga ega boʻladilar:
- Ilmiy faoliyatni amalga oshirish;
- Plagiatni aniqlash;
- Ilmiy maqolani chop etishda eʼtibor berilishi kerak boʻlgan jihatlar;
- Ilmiy faoliyatda ilmiy rahbarni oʻrni;
- Ilmiy ishni himoya qilishdagi jarayonlar;
- Ilmiy ish uchun talab qilinadigan bilimlar;
- H-indeksi haqida maʼlumot.
Loyiha Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, “Semurgʻ” oromgohida 18-avgustdan 22-avgust kunlari tashkil etiladi. Nomzodlar soha boʻyicha yetakchi mutaxassislar tomonidan suhbat asosida saralanadi. Saralash natijalarining roʻyxati Yoshlar ishlari agentligi va Qizlar ovozi klubining rasmiy sahifasida beriladi.