Interpoldan talabalar va yaqinda oʻqishni bitirganlar uchun Fransiyada haq toʻlanadigan amaliyot dasturi — INTERPOL internship programme
Fransiya Fransiya
14 Okt, 2024 · Muddat tugagan

Interpoldan talabalar va yaqinda oʻqishni bitirganlar uchun Fransiyada haq toʻlanadigan amaliyot dasturi — INTERPOL internship programme

Amaliyot Bepul ishtirok

Tavsif

INTERPOL (International Criminal Police Organization) tashkiloti tomonidan xavfsizlik va jinoyatchilikka qiziqqanlar uchun politsiya va qoʻllab-quvvatlash xizmatlarida bir qator amaliyot dasturlari taqdim etiladi.

Amaliyot dasturi tashkilotning Fransiyada joylashgan shtab-kvartirasi Lion shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan va dastur davomiyligi amaliyot turiga qarab 6 oydan 11 oygacha davom etadi.

Dasturdan asosiy maqsad amaliyotchilarga xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish, aloqa va strategik rejalashtirishdan tortib inson resurslarigacha boʻlgan qoʻllab-quvvatlash xizmatlari boʻyicha keng miqyosda bilim berish va bu bilimlarini amaliyotda qoʻllash kabi noyob imkoniyatni taqdim etishdan iborat.

Maʼlumot uchun: International Criminal Police Organization (Jinoyat qidiruv politsiyasining xalqaro tashkiloti) jinoyat va jinoyatchilar haqidagi maʼlumotlarni almashish, ulardan foydalanish imkoniyatini beradigan hamda bir qator texnik va operatsion yordam koʻrsatadigan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Hozirda unga 196 ta davlat aʼzo. Tashkilotning asosiy vazifasi unga aʼzo davlat va tashkilotlarga umumiy jinoyatlarga qarshi kurashishda yordam berishdir. Shuningdek, Interpol xalqaro qidiruvni muvofiqlashtirish, odam savdosi, uyushgan jinoiy guruhlar, giyohvand moddalar kontrabandasi, iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar sohasidagi jinoyatlar, soxta pul yasash, qimmatli qogʻozlarni soxtalashtirish va bolalar pornografiyasiga qarshi kurash olib boradi.

Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.

Kimlar uchun mo'ljallangan

  • Dasturda Interpolga aʼzo mamlakatlarning fuqarolari qatnashishi mumkin (Oʻzbekiston roʻyxatda bor);
  • Ingliz tilini dasturda qatnashish darajasida bilish lozim;
  • Ishtirokchi oʻz fuqaroligi boʻlgan davlatda qonuniy voyaga yetgan boʻlishi kerak;
  • Nomzodlar akkreditatsiyadan оʼtgan universitet/kollej/texnikumda оʼqiyotgan yоki soʻnggi bir yil ichida uni tugatgan bоʼlishi lоzim;
  • Tanlangan amaliyot turining ichki talablariga javob berishi shart (amaliyot turiga qarab qoʻshimcha talablar qoʻyilishi mumkin);
  • Amaliyotdan keyin har bir ishtirokchi maxfiylik siyosatiga amal qilishi talab qilinadi, yaʼni amaliyot davomida olingan har qanday xabar va nashr etilmagan maʼlumotlarni maxfiy saqlash kerak. Bunday maxfiy maʼlumotlarga asoslangan hujjatlarni nashr etish umuman mumkin emas.

Imtiyozlar va qulayliklar

  • Dasturda bepul qatnashish mumkin;
  • Oyiga 550 yevro (~596 AQSh dollar) miqdorida haq toʻlanadi;
  • Interpol tomonidan viza uchun kerakli hujjatlar taqdim etiladi;
  • Xalqaro miqyosdagi eng nufuzli tashkilotda amaliyot oʻtash va xalqaro politsiya hamkorligi qanday ishlashini tushunish uchun ajoyib imkoniyat.

Muhim: Ishga qabul qilish jarayoni bilan bogʻliq barcha xarajatlar va undan keyingi sayohat, sugʻurta, turar joy, viza va yashash xarajatlari amaliyotchi tomonidan qoplanishi kerak.

Topshirish jarayoni

Dasturga qiziqqanlar Talentlink platformasi orqali boʻsh amaliyot oʻrinlari topib, ariza topshirishlari mumkin.

Talab qilinadigan hujjatlar:

  • CV;
  • Motivatsion xat. Unda quyidagi maʼlumotlar jamlangan boʻlishi kerak:
    • Nomzodni dasturga qoʻshilish uchun ruhlantirgan sabab;
    • Tanlangan amaliyot turiga qiziqishi va sohaga oid amalga oshirgan ishlari;
    • Ishtirokchining dasturdan kutayotgan natijalari.
  • Nomzodning fuqaroligi va jinoyat sodir etmagani toʻgʻrisida guvohnoma. Bunda talabgor oxirgi besh yil ichida oʻz yurtida va 12 oydan ortiq yashagan boshqa mamlakatda jinoyat sodir etmagani toʻgʻrisida guvohnomani taqdim etishi kerak (saralanganlar uchun);
  • Tibbiy sugʻurta guvohnomasi.

Eslatma: Ariza topshirishda har qanday tanlovni tasdiqlashdan oldin maxfiylikni tekshirish soʻrovi oʻtkaziladi.

Qo'shimcha ma'lumot

Dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat amaliyot turiga qarab farqlanadi. Shuning uchun ushbu havola orqali amaliyot turi haqida toʻliq maʼlumot olish lozim.

Quyidagi ijtimoiy tarmoqlar orqali qoʻshimcha maʼlumot olish mumkin:

Muhim tafsilotlar

  • Imkoniyat turi

    Amaliyot

  • Moliyalashtirish

    Bepul ishtirok

Fransiya Interpoldan talabalar va yaqinda oʻqishni bitirganlar uchun Fransiyada haq toʻlanadigan amaliyot dasturi — INTERPOL internship programme
14 Okt, 2024
Muddat tugagan
GrantGo
© GrantGO 2026. Barcha huquqlar himoyalangan.