Tavsif
Iqtidorli maktab oʻquvchilari uchun AQShda xarajatlari qoplanadigan 6 haftalik bepul yozgi dastur — TASS 2026 Program (Telluride Association Summer Seminar) taqdim etiladi.
Yozgi dastur istiqbolli yoshlarni tanqidiy fikrlash va demokratik hamjamiyatga asoslangan oʻzgaruvchan taʼlim tajribasi orqali yetakchilik va xizmat qilishga tayyorlash uchun ilhomlantiradi.
Dastur 2026-yil 21-iyundan 25-iyulgacha AQShning Kornell va Merilend universitetida oʻtkaziladi. Bunda ishtirokchilar haftaning har kuni 3 soatlik maxsus darslarda qatnashishi kerak boʻladi. Odatda bunday darslar munozaralar, kichik guruhlarda ishlash, professor-oʻqituvchilarning maʼruzalari va boshqa tadbirlarni oʻz ichiga oladi. Oʻquvchilarni oʻrganishga boʻlgan muhabbatini ragʻbatlantirish uchun dasturda baholar qoʻyilmaydi.
Dastur quyidagi taʼlim yoʻnalishlarini taklif etadi:
- TASS-CBS (Critical Black Studies) — tarix, siyosat, adabiyot, sanʼat va Afrika millatiga mansub odamlarning boshqa intellektual va madaniy hissalarini oʻrganadigan seminarlardan iborat.
- TASS-AOS (Anti-Oppressive Studies) — bunda jamiyatdagi yomon illatlarga qarshi kurash va uni yaxshi tomonga oʻzgartirish yoʻllari koʻrib chiqiladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.