Tavsif
Oʻzbekistondagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda jamiyatga foydasi tegadigan ixtiro ustida tadqiqot olib borayotgan olima, doktorant va tadqiqotchi ayollar, talaba qizlar, muhandis, dasturchi, oʻqituvchi, shifokor, farmatsevt, davlat xizmatchilari, agrar soha vakilalari va iqtisodiyotning turli sohalarida ishlayotgan xotin-qizlar uchun “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” respublika tanlovi taqdim etiladi. Dastur “Ilmli ayol – jamiyat koʻzgusi” shiori ostida oʻtkaziladigan “XXI asr ayoli” festivali doirasida oʻtkazilmoqda.
Olima va tadqiqotchi xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovning nominatsiyalari:
- “Eng yaxshi ixtiro muallifi”;
- “Eng yaxshi foydali model muallifi”;
- “Eng yaxshi sanoat namunasi muallifi”;
- “Eng yaxshi seleksiya yutugʻi muallifi”;
- “Eng yaxshi EHM uchun dastur va maʼlumotlar bazasi muallifi” va boshqa 15 xil nominatsiyalar.
Talaba qizlar oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovning nominatsiyalari:
- “Talaba qizning eng yaxshi innovatsion loyihasi ”;
- “Talaba qizning eng yaxshi ixtirosi”;
- “Talaba qizning eng yaxshi mobil ilovasi”;
- “Talaba qizning eng yaxshi veb-sayti”.
Tanlovning maqsadi fan va texnikaning turli yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan, oʻz qobiliyatini namoyon etayotgan iqtidorli xotin-qizlarni izlab topish, ular amalga oshirayotgan loyihalarni targʻib qilish, yangi iqtidor qirralarini ochish, olima ayollar, doktorant, ixtirochi, ratsionalizator, muhandis, loyihachi, dasturchi, shifokor, farmatsevt, agrar soha vakilalari va iqtisodiyotning boshqa sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassis xotin-qizlar hamda talaba qizlar orasida sogʻlom raqobat muhitini vujudga keltirish, ularning tashabbuslari va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdir.
Tanlovning yakuniy bosqichi mamlakatimizning barcha hududlarida joriy yilning 16-20-oktyabr kunlari oʻtkaziladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.