Tavsif
Mamlakat doirasida birinchi, Osiyo universitetlari orasida toʻqqizinchi oʻrinda turuvchi, ilm-fan va texnikaga ixtisoslashgan Janubiy Koreyaning eng oldi universiteti — KAIST 2026-oʻquv yilidan boshlab bakalavr bosqichini toʻla moliyalashtirilgan holda bepul oʻqish istagida boʻlganlarga grant ajratishini maʼlum qiladi.
Oʻz millati va jamiyatga manfaat keltirish istagida boʻlgan, ilm-fan hamda texnika sohasida tadqiqot oʻtkazishga moyilligi bor, kashfiyot qilishga qiziquvchi, insoniyat kelajagi haqida chuqur qaygʻuruvchi barcha millat vakillari dasturga ariza topshirishi mumkin.
Oʻqishga qabul qilingan talabalar dastlabki oʻquv yilida umumiy fanlardan saboq olib, 2-kursdan boshlab oʻzlarini qiziqtirgan yoʻnalishlardan biri: tabiiy va hayotiy fanlar, injenerlik, bioinjeneriya, biznes boʻyicha tahsil olishni davom ettiradilar.
Grant yutib olgan eng salohiyatli hamda iqtidorli talabalar oʻquv xarajatlarida toʻla ozod qilinish bilan birga, oylik stipendiya va bepul tibbiy sugʻurta bilan taʼminlanadilar. Talabalarga qoʻyiladigan yagona talab esa fanlarni aʼlo darajada oʻzlashtirish va doimiy izlanishdan toʻxtamaslikdir.