Tavsif
Toronto Universitetidagi Lester B. Pearson xalqaro granti (Lester B.Pearson International Scholarship) xalqaro talabalar uchun dunyoning eng mashhur shaharlaridan va dunyodagi eng yaxshi universitetlardan birida bakalavr bosqichida oʻqish imkoniyatini yaratadi.
Toronto universiteti 2025-yil iyun oyi holatiga koʻra, Kanadada 1-o’rinda, dunyodagi eng yaxshi oliygohlar roʻyxatida 25-oʻrinda turibdi.
Dastur yuqori akademik koʻrsatkichlarga erishgan, oʻz qobiliyatini namoyish eta olgan va oʻz taʼlim muassasasida yetakchi sifatida tan olingan talabalarga grant ajratadi.
Lester B. Pearson xalqaro granti har yili eʼlon qilinadi va stipendiyaga xalqaro talabalar hamda Kanadada tahsil olayotgan turli mamlakatlardan kelgan oʻquvchilar tanlab olinadi. Bu eng nufuzli grantlardan boʻlib, talabalarning toʻrt yil davomidagi oʻqish, kitoblar, oziq-ovqat, soliqlar va barcha yashash xarajatlarini toʻliq qoplab beradi.Dasturning faqatgina bakalavr bosqichi uchun nomzodlar qabul qilinadi. Dasturga har yili taxminan 37 ga yaqin talaba saralab olinadi va gʻoliblar Lester B.Pearson olimlari nomini oladi.
Dasturda qatnashish uchun nomzodlar avvalo Toronto universitetidagi bakalavr yoʻnalishlaridan biriga hujjat topshirishlari kerak boʻladi. Keyin esa Lester B.Pearson grantiga alohida onlayn ariza topshiriladi.
Dasturga hujjat qabul qilish jarayoni 2025-yilning 7-noyabrigacha davom etadi.
Dastur haqida ushbu havola orqali toʻliq maʼlumot olish mumkin.