Tavsif
Lazerlar, plazma va tezlatkichlar fizikasi boʻyicha Yevropaning 4 ta universitetida oʻqish uchun grant dasturi — LASCALA (Large Scale Accelerators and Lasers) taqdim etiladi.
LASCALA dasturi 2 yillik xalqaro magistratura dasturi boʻlib, Yevropada joylashgan 4 ta yetakchi universitetlar hamkorligida tashkil qilinadi. Ushbu hamkorlik ekspertiza doirasini, oʻqituvchilar tarkibini hamda texnologik platformalarga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Dasturning asosiy maqsadi dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan talabalarni katta ahamiyatga ega sohalarda yetuk tadqiqotchi, muhandis va menejerlar etib tayyorlashdan iborat.
Magistratura boʻyicha quyidagi hamkorlikda universitetlarda taʼlim beriladi:
- Université Paris-Saclay (Fransiya);
- Sapienza Università di Roma (Italiya);
- Universidad de Salamanca (Ispaniya);
- Lund University (Shvetsiya).
Joriy yilgi grant 2026–2028 oʻquv yillari uchun taqdim etiladi va oʻquv yili 2026-yilning sentyabr oyining boshida boshlanadi.
Maʼlumot uchun: LASCALA dasturi tezlatkichlar fizikasi, yuqori quvvatli lazer texnologiyalari, yuqori intensivlikdagi lazer–plazma oʻzaro taʼsirlari, shuningdek gravitatsion toʻlqin detektorlari fizikasi boʻyicha ilgʻor eksperimental va nazariy yondashuvlarni chuqur oʻrgatadi.
Dastur davomida yangi energiya manbalari, tibbiy texnologiyalar va xavfsizlik uchun diagnostika usullarining koʻp tarmoqli qoʻllanilishiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.