Magistratura bosqichi talabalari uchun Geneva Challenge 2023 tanlovi

Magistratura bosqichi talabalari uchun Geneva Challenge 2023 tanlovi

  • 01/02/2023 Qabul boshlanishi
  • Mukofot Moliyalash turi
  • Shvetsariya Davlat
  • 23.04.2023 Oxirgi muddat

Umumiy maʻlumotlar

The Geneva Challenge — The 2023 Advancing Development Goals musobaqasi magistratura talabalari uchun yolgʻizlik muammolarini hal qilish uchun innovatsion va pragmatik yechimlarni taqdim etishga va butun dunyo boʻylab magistratura talabalari oʻrtasida fanlararo hamkorlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

Ushbu tanlovda magistratura talabalari 3 nafardan 5 nafargacha aʼzodan iborat jamoa tuzgan holda ishtirok etishlari mumkin. Tanlov ishtirokchilaridan yolgʻizlik bilan bogʻliq muammolarni hal etishga bagʻishlangan nazariy jihatdan asoslangan loyihalarni ishlab chiqishi talab etiladi.

Tanlovga taqdim etilgan ishlar uch bosqichda va ikkita alohida hakamlar hayʼatida baholanadi.

Finalga chiqqan jamoalar uchun mukofot sifatida ajratilgan budjet 25 000 CHF (27 400 AQSH dollari) dan iborat.

Tanlov haqida batafsil maʼlumotni ushbu havola orqali oʻqish mumkin.

Maqbullik shartlari

  • Tanlovda qatnashish uchun magistratura bosqichida tahsil olayotgan boʻlishi kerak;
  • Ishtirokchilar 3 yoki 5 nafardan iborat jamoa tuzishi va jamoa sardorini tayinlashi kerak;
  • Ishtirokchilar bir xil magistratura dasturi yoki ular oʻqiyotgan universitetning boshqa dastur talabalari bilan hamkorlik qilishlari yoxud butun dunyo boʻylab turli universitet va muassasalar talabalari bilan birlashib jamoa tuzishlari mumkin.
  • Jamoaning qaysi kategoriyaga joylashtirilishi, asosan, jamoada vakillik qiladigan universitetlar qitʼasiga asoslanadi. Agar jamoada qitʼalarning teng vakilligi mavjud boʻlsa, jamoa aʼzolari kelishgan holda qaysi toifada ishtirok etishni xohlashini hal qiladi.
  • Taqdim etiladigan tahlil ishi fanlararo yondashilgan boʻlishi yoki kamida 2 (ikki) xil fan (soha) ni oʻz ichiga qamrab olishi talab etiladi;
  • Jamoani roʻyxatdan oʻtkazishdan oldin barcha jamoa aʼzolari magistratura talabasi ekanligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (guvohnoma)ning skanerlangan nusxasini geneva.challenge@graduateinstitute.ch emailiga yuborishlari kerak;
  • Ushbu maʼlumotnomada quyidagilar aks etishi lozim:
    • Talabaning ism-familiyasi;
    • Talaba roʻyxatdan oʻtgan dastur;
    • Maʼlumotnoma berilgan sana (Ushbu maʼlumotnoma roʻyxatdan oʻtishdan oldin 3 oygacha boʻlgan muddatdan oldin tasdiqlangan boʻlishi kerak)
    • Roʻyxatdan oʻtish sanasidan keyin ham yaroqliligi.
  • Shuningdek, istisno hollarda, roʻyxatdan oʻtish vaqtida magistratura dasturiga qabul qilingan, lekin oʻqishni boshlamagan talabalar ham qabul qilinadi.

Eslatma: ushbu tanlovda yakka tartibda qatnashib boʻlmaydi.

Muvofiqlik talablari (Eligibility requirements) haqida batafsil ushbu havola orqali bilib olish mumkin.

Foydali tomonlari

  • The Geneva Challenge — The 2023 Advancing Development Goals musobaqasida qatnashib finalga chiqqan 5 ta jamoaning barcha aʼzolari Jenevaga ogʻzaki taqdimot oʻtkazish uchun taklif qilinadi, u yerda ular oʻz takliflarini himoya qiladilar va hakamlar hayʼati hamda jamoatchilikning savollariga javob beradilar;
  • Jenevaga safar, viza va turar joy bilan bogʻliq xarajatlar tanlov tashkilotchilari tomonidan qoplab beriladi;
  • Gʻolib jamoa 10,000 CHF (11 000 AQSH dollari) miqdorida pul mukofotini oladi;
  • Ikkinchi oʻrinni (2-oʻrin) egallagan ikki jamoa har biri 5ʼ000 CHF (5500 AQSH dollari) oladi;
  • Uchinchi oʻrinni (3-oʻrin) olgan ikki jamoa har biri 2500 CHF (2740 AQSH dollari) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Mukofotlar quyidagi kategoriyaga asoslanib, jamoalarga taqdim etiladi (BMT statistikasiga koʻra):

  • Afrikada joylashgan universitetlar;
  • Osiyoda joylashgan universitetlar;
  • Yevropada joylashgan universitetlar;
  • Shimoliy Amerika va Okeaniyada joylashgan universitetlar;
  • Lotin Amerikasida joylashgan universitetlar.

Shuningdek, qisqa roʻyxatga kiritilib, saralab olingan ishlar Jeneva Challenge veb-saytida eʼlon qilinadi (agar jamoalar rozi bo'lsa).

Hujjat topshirish

  • Tanlovda ishtirok etmoqchi boʻlgan jamoalar 2023-yil 23-aprel sanasigacha ushbu sayt orqali roʻyxatdan oʻtishlari kerak;
  • Taqdim etilishi kerak boʻlgan ishlar esa geneva.challenge@graduateinstitute.ch elektron pochta manziliga 2023-yil 15-iyul soat 04:00 gacha yuborilishi lozim.

Topshirilishi kerak boʻlgan hujjatlarga qoʻyiladigan talablar (Submission requirements) quyidagicha:

  • Taqdim etiladigan materiallar geneva.challenge@graduateinstitute.ch emailiga 2023-yil 15-iyul soat 04:00 gacha yuborilishi darkor;
  • Ushbu materiallar tadqiqot annotatsiyasi va loyihasini oʻz ichiga oladi;
  • Tadqiqot annotatsiyasi bir sahifadan iborat boʻlishi va har bir jamoa aʼzosining qisqacha tarjimayi holi, loyihada keltirilgan muammo va yechimning qisqacha tavsifi, taklif qilingan yechimning qay darajada taʼsir eta olishini qamrab olishi kerak;
  • Loyiha 8000 (sakkiz ming) soʻzdan oshmagan holda ingliz yoki fransuz tillarida yozilishi talab etiladi (Barcha eslatmalar, grafikalar va havolalar bundan mustasno)
  • Topshiriladigan ishlar nazariy tahlillarni, ijodkorlikni, texnik yordam, salohiyatni oshirish va tanqidiy fikrlashni birlashtirgan boʻlishi lozim;
  • Yozuv materiallari asl (original) holida topshirilishi kerak. Barcha yozma ishlar hakamlar hayʼati aʼzolariga yuborilgunga qadar plagiat tekshiruvidan oʻtadi.

Tanlovdan roʻyxatdan oʻtish va qatnashish bilan bogʻliq batafsil maʼlumotni ushbu havoladan bilib olish mumkin.

Qoʻshimcha maʻlumotlar

The Geneva Challenge - The 2023 Advancing Development Goals tanlovi 2014-yildan beri o'tkazib kelinadi. O‘tgan yili 2022-yilgi Jeneva Challenge musobaqasida 64 mamlakatdan 1065 nafar magistratura talabalaridan iborat 279 jamoa ishtirok etgan. Bu yilgi tanlov mavzusi yolg'izlik muammolariga bag'ishlangan.

Tanlov tashkilotchisi Geneva Graduate Instituti hisoblanadi.

Tanlov haqida video-rolikni ushbu havoladan ko'rish mumkin.

Shvetsariya
Magistratura bosqichi talabalari uchun Geneva Challenge 2023 tanlovi

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar