Tavsif
Fransiya hukumatining “France Excellence” stipendiya dasturi (sobiq BGF: bourse du gouvernement français) Magistratura bosqichini istalgan sohada oʻqish uchun Fransiya hukumati tomonidan Oʻzbekiston yoshlari uchun maxsus tashkil etilgan. Dasturda bakalavr darajasiga ega boʻlgan yoki bitiruvchi bosqichda taʼlim olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.
Dasturda ishtirok etish uchun nomzod fransuz yoki ingliz tilini mukammal bilishi, akademik va ijtimoiy jihatdan faol boʻlishi darkor. Shu bilan birga, Fransiya universitetlaridan biriga ariza topshirgan boʻlishi va uning talablariga javob berishi boʻlishi kerak.
Dasturdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning bilimli va iqtidorli yoshlarini moddiy jihatda qoʻllab-quvvatlash, ularning xalqaro muhitda taʼlim olishlariga yordam berishdan iborat.
Darslar tanlangan yoʻnalish va dastur tiliga qarab ingliz yoki fransuz tilida olib boriladi. Dasturga qabul qilinganlar kontrakt toʻlovidan ozod etiladi, safar xarajatlari qoplab beradi hamda oylik stipendiyaga ega boʻladilar.
Dastur haqida batafsil maʼlumotni maxsus qoʻllanma orqali ham olish mumkin (qoʻllanma fransuz va ingliz tilida yozilgan).