Tavsif
AQShning Pensilvaniya shtatida joylashgan Wharton University of Pennsylvania tomonidan har yili tashkillashtiriladigan Wharton Global High School Investment Competition bu maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilar uchun bepul, global sarmoya kiritish tajribasini shakllantiruvchi tanlov hisoblanadi. Dastur Wharton Investment Simulator (WInS) platformasida boʻlib oʻtadi. Bu platforma universitet, maktab va moliyaviy xizmat sanoatidagi yetakchi birja bozori simulyatsiyasiyalaridan biridir. Dasturda 14-18 yosh oraligʻidagi 9-12-sinf oʻquvchilari 4-7 kishilik jamoa asosida ishtirok etishlari kerak boʻladi. Har bir jamoada uni boshqarish, ragʻbatlantirib turish, roʻyxatdan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi bitta yetakchi oʻqituvchi boʻlishi kerak.
Wharton Investment Simulator (WInS) platformasida tanlov jarayoni 2025-yil 30-sentyabrda boshlanib 6-dekabrgacha davom etadi. Dastur doirasida har bir jamoaga $100,000 virtual pul portfoliosini boshqarish vazifasi yuklanadi. Bu jarayonda ishtirokchilar sarmoya kiritishda strategiya qoʻllash, jamoa bilan ishlash, muloqot qilish, taxmin qilish, sarmoyani oshirish, kompaniya va sanoatlarni tahlil qilish kabi koʻplab koʻnikmalarni shakllantiradi va amaliyotda qoʻllaydi. Tanlovga jami 11 hafta ajratilgan boʻlib, shundan 10 haftasi treyding, qoʻshimcha bir hafta esa yakuniy hisobotni taqdim etish uchun ajratilgan. Ushbu vaqtni qanday taqsimlash, loyiha davomida qanchadan vaqt ajratish jamoaning oʻziga, tajribasi va qobiliyatiga bogʻliq.
Yetakchi oʻqituvchilar jamoalarini 2025-yil 17-iyundan 13-sentyabrgacha roʻyxatdan oʻtkazishlari mumkin.
Dastur haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot olish mumkin.