Tavsif
Har yili Bow Seat Ocean Awareness Programs tashkiloti tomonidan 11 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan dunyo boʻylab barcha maktab oʻquvchilari uchun Ocean Awareness Contest tanlovini oʻtkazib kelinmoqda.
Tanlovdan koʻzlangan maqsad yoshlarni sanʼat va ijodiy muloqot orqali atrof-muhit muammolarini yechish, ularning oʻzgaruvchan dunyoga munosabatini oʻrganish va ijobiy oʻzgarishlar tarafdori boʻlishga undashdan iborat.
Ocean Awareness Contest tanlovi oʻquvchilarni iqlim oʻzgarishi va uning okeanga taʼsiri haqida maʼlumot olishga hamda iqlim inqirozining dolzarbligini keng targʻib qilishning yangi usullarini oʻrganishga chaqiradi. Tanlovning ushbu 11-mavsumida ishtirokchilar tasviriy sanʼat, sheʼr, kreativ yozish, film, ijro sanʼati, interaktiv va multimediaga oid ijodiy ishlari bilan qatnashishlari mumkin. Ijodiy ishlar “Tabiatning men va ajdodlarim hayotidagi roli” mavzusiga doir boʻlishi kerak. Bunda ishtirokchilar yumor, satira, pozitivlik, parodiya, kinoya va boshqa usullardan foydalanib ijodiy ishlarini yanada boyitishlari va innovativ tarzda taqdim etishlari lozim.
Tanlov ishtirokchilari yosh kategoriyasi boʻyicha quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
- Junior Devision - 11 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar;
- Senior Devision — 15 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar.
Tanlov gʻoliblari Bow Seat Ocean Awareness tomonidan tashkil etiladigan har xil koʻrgazma, video/film namoyishlarida ishtirok etish bilan birga katta miqdorda pul mukofotiga ham ega boʻladilar.
Tanlovning oʻtgan yilgi mavsumi haqida ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.