Tavsif
AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun AQShda 6 hafta davomida amaliyot oʻtash imkoniyatini taqdim etuvchi The 2022 Fulbright Teaching Excellence and Achievement (TEA) Program dasturini eʼlon qiladi.
Ushbu dasturda oʻrta maktab, jumladan, akademik litsey va kollejda toʻliq stavkada ingliz tili, matematika, tabiiy va ijtimoiy fanlar boʻyicha dars beruvchi oʻqituvchilar ishtirok etishi mumkin.
Dastur 2024-yil yanvar yoki sentyabr oyida boshlanadi va qabul qilingan ishtirokchilar 6 hafta davomida AQShning nufuzli taʼlim muassasalarida professional oʻqituvchilar bilan birga ishlash, darslarni kuzatish va ulardan tajriba oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi. Dastur davomida qatnashchilar oʻqitishning yangi metodologiyalari, darslarni rejalashtirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan samarali foydalanish, oʻquvchilarni taʼlim olishga yanada ruhlantirishga bagʻishlangan seminar va treninglarda ishtirok etadilar. Qolaversa, dastur ishtirokchilari AQShning tajribali oʻqituvchilari bilan birga mahalliy taʼlim muassasalarida kamida 40 soatlik amaliyot oʻtaydilar. Dastur davomida qatnashchi oʻqituvchilar Amerika madaniyati bilan yaqindan tanishadi, ularga darslarda foydalanish mumkin boʻlgan amaliy manbalar boʻyicha kerakli maslahat va yordam koʻrsatiladi.
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan oʻqituvchilar kerakli oʻquv materiallari tayyorlash, boshqa oʻqituvchilar uchun treninglar tashkillash, shu bilan birga, AQSh va Oʻzbekiston maktablari oʻrtasida hamkorlik loyihalarini yoʻlga qoʻyish uchun kichik grantlarga ariza topshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning barcha xarajatlari tashkilot tomonidan toʻliq moliyalashtiriladi.