Tavsif
Meksika Tashqi Ishlar Vazirligi (SRE) Taraqqiyot boʻyicha Meksika xalqaro hamkorlik agentligi (AMEXCID) bilan bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichini Meksikada oʻqishga qiziqqan xorijlik talabalar, shuningdek, ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchi talabalar uchun toʻliq moliyalashtiriladigan Merit Scholarships grantini taqdim etadi. Dastur doirasida Meksikaning 90 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari butun dunyo boʻylab 180 dan ortiq mamlakatdan kelgan talabalarni qabul qiladi. Ushbu dastur orqali Meksika hukumati global miqyosda oʻz rolini yanada kuchaytiradi hamda yuqori darajadagi inson kapitalini shakllantirishga koʻmaklashish uchun hamkorlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Meksikaga xalqaro talabalar, akademiklar va olimlarning kelishi uning tashqi siyosatda xorijiy hamkorlari bilan boʻlgan aloqalarini yaxshilaydi.
Gʻoliblarga stipendiyalar quyidagi muddatlarda beriladi:
- Bakalavriat (almashinuv dasturi) uchun — 2 yil;
- Magistratura (almashinuv dasturi) uchun — 1 yil;
- Magistratura uchun — 2 yil;
- Doktorantura uchun — 3 yil;
- Ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchi talabalar (magistratura, doktorantura va post-doktorantura) uchun — 1 yil.
Saralash quyidagi bosqichlardan iborat:
- 1-bosqich: Nomzodlar onlayn ariza topshiradi (2024-yil 16-maydan 28-iyungacha);
- 2-bosqich: Murojaatlar koʻrib chiqiladi va baholanadi (2024-yil 28-iyundan 5-avgustgacha);
- 3-bosqich: Tanlangan nomzodlarga natijalar haqida xabar beriladi (2024-yil 5-avgustdan 9-avgustgacha);
- 4-bosqich: Nomzodlar dasturni boshlaydi (2024-yil sentyabrdan 8-dekabrgacha).
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.