Tavsif
Respublika oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan muhandislikka qiziquvchi va innovatsion fikrlarga ega nomzodlar uchun quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha respublika ko‘rik tanlovi tashkillashtirilgan:
- “Eng yaxshi g‘oya”- Ilmiy-innovatsion xususiyatga ega bo‘lgan oddiy fikr yoki taklif shaklidagi yangilikni anglatadi. Bu biror muammoni hal qilishga yoki mavjud jarayonni yaxshilashga qaratilgan konseptual yondashuv bo‘lishi lozim. Odatda g‘oya boshlang‘ich bosqichda bo‘ladi va hali rejalashtirish, texnik yechim yoki amaliy qo‘llash darajasiga yetmagan bo‘ladi;
- “Eng yaxshi ixtiro”- Amaliyotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yangi, ilgari mavjud bo‘lmagan mahsulot, qurilma yoki texnologiyani yaratishni anglatadi. Ixtirolar odatda maxsus sinovlardan o‘tgan va patentlanadigan obyektlar hisoblanadi. G‘oya va loyihadan keyingi bosqich bo‘lib, real, jismoniy yoki texnik jihatdan aniq shaklga ega. Ixtiro mavjud muammoni hal etuvchi tayyor yechim bo‘lib, undan foydalanish mumkin;
- “Eng yaxshi loyiha”- G‘oya bosqichidan keyingi daraja bo‘lib, unda g‘oya amalga oshirish uchun aniq rejalashtirilgan va hujjatlashtirilgan shaklda ifodalanadi. Loyihada aniq biznes-reja, maqsadlar, resurslar, vaqt jadvali, bosqichlar va ehtiyojlar belgilab qo‘yiladi. Loyihalar g‘oya asosida quriladi, lekin ular aniq rejalashtirilgan va amalga oshirish uchun aniq yondashuvlarni o‘z ichiga oladi.
Tanlovda o‘qituvchi professorlar, amaliyotchi mutaxassislar va talaba yoshlar ishtirok etishi mumkin. G‘oliblar 3 yo‘nalish bo‘yicha ham aniqlanib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 9 nafar ishtirokchi elektromobil bilan, 2-o‘rin sohiblari nufuzli chet davlatlarida muddatli malaka oshirish imkoniyatlari bilan va 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar esa pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Arizalarni qabul qilish jarayoni 2025-yil 31-martga qadar davom etadi. Tanlov joriy yilning aprel-iyun oylarida 3 bosqichda o‘tkaziladi.
Tanlov haqida ushbu havola orqali batafsil ma’lumot olish mumkin.