Tavsif
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tashkilotlar tomonidan oliy taʼlim muassasalarining bakalavr taʼlim yoʻnalishi talabalari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekistonni oʻzimiz, oʻz qoʻllarimiz bilan bunyod etamiz!” shiori ostida respublika esselar tanlovi oʻtkazilmoqda.
Tanlovda oliy taʼlim muassasalarining bakalavr taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻzlariga biriktirilgan ustozlar tavsiyasi va maslahati asosida esselar bilan ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov 4 ta bosqichda boʻlib oʻtadi:
- Fakultet bosqichi – oliy taʼlim muassasalari fakultetlari doirasida tanlovda qatnashish istagini bildirgan bakalavr taʼlim yoʻnalishi talabalari ishtirokida 28-30-aprel kunlari;
- Oliy taʼlim muassasasi bosqichi – fakultet bosqichida 1-, 2-, 3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan talabalar ishtirokida 2-10-may kunlari;
- Hududiy bosqich – oliy taʼlim muassasasi bosqichida 1-, 2-, 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar oʻrtasida 10-12-may kunlari;
- Respublika bosqichi – hududiy bosqich doirasida 1-, 2-, 3-oʻrinlarga loyiq deb topilgan talabalar ishtirokida 16-20-may kunlari Toshkent shahrida tashkil etiladi.
Tanlovda ishtirokchilar oʻzbek, rus, qoraqalpoq yoki ingliz tillarida esselar yozishlari mumkin.
Tanlovning asosiy maqsadi yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlar, buyuk maqsadlarga ega shaxslar sifatida tarbiyalash, Uchinchi Renessans poydevorini qurishda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash va daxldorlik fazilatlarini qaror toptirishdan iborat.