Tavsif
Innovatsion rivojlanish vazirligi “Olima ayollar” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlovning asosiy maqsadi – respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-taʼlim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarning yangi gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar natijalari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, real ehtiyojlari hamda hududiy muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratishdan iborat.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmonining 5.2-bandida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan birgalikda tashkil etilmoqda.
Loyiha ijrochilarining tarkibi faqatgina xotin-qizlardan iborat boʻlishi, ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi, shuningdek ilmiy jamoada yosh olimalar, iqtidorli talaba va magistrantlar ishtirok etishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan soʻng toʻliq tijoratlashtiriladi.