Tavsif
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlar agentligi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan 2017-yildan beri oʻtkazilib kelinayotgan mazkur “Yosh kitobxon” tanlovining 2022-yilgi mavsumi ochiq deb eʼlon qilinadi.
Ushbu tanlov yoshlarning barcha qatlamini kitob oʻqishga jalb etish, ularning ongida Vatanimiz tarixi, umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan bilim va koʻnikmalarini yuksaltirish hamda ular oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishni oʻz oldiga maqsad qilgan.
Tanlov quyidagi 3 ta yosh toifasi boʻyicha alohida-alohida tartibda oʻtkaziladi:
- 10-14 yoshgacha boʻlgan yoshlar;
- 15 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan yoshlar;
- 20 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar.
Tanlov uch bosqichda tashkil etiladi:
- 1-bosqich: Tanlovning arizalar qabul qilish va saralash bosqichi boʻlib, unda tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan yoshlardan arizalar qabul qilinadi;
- 2-bosqich: Tanlovning hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar) bosqichi boʻlib, dekabr-yanvar-fevral oylari davomida boʻlib oʻtadi va “Badiiy asarlar bilimdoni” sharti hamda “Tezkor savol-javob” shartlari orqali nomzodlar saralab olinadi;
- 3-bosqich: Tanlovning Respublika bosqichi boʻlib, aprel oyining birinchi oʻn kunligida oʻtkaziladigan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida teletanlov shaklida oʻtkaziladi. Ushbu bosqichda nomzodlar 5 ta shart: “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutaffakir va adib”, “Sheʼriyat” hamda “Erkin mavzu” shartlari orqali tanlov gʻolibiga aylanadilar.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.