Tavsif
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va Islom Taraqqiyot Banki hamkorlikda “Smart Agriculture” tanlovini eʼlon qiladi.
Dastur qishloq xoʻjaligi, muhandislik va sugʻorish sohalaridagi oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda bitiruvchilarini qishloq xoʻjaligi va sugʻorish jarayonlarida muammolarni hal etish, takomillashtirishda yoshlarning innovatsion va kreativ yondashuvlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Tanlovda loyihalari 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 25-maygacha ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi qishloq xoʻjaligi, muhandislik va sugʻorish yoʻnalishlari talabalari/bitiruvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov 2 (ikki) yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi:
- “Smart Agriculture” — Qishloq xoʻjaligini takomillashtirish boʻyicha innovatsion loyiha;
- “Smart Irrigation” — Suv xoʻjaligini takomillashtirish boʻyicha innovatsion loyiha.
Har bir yoʻnalish gʻoliblari noutbuk va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Arizalar 2024-yil 25-iyun kuni soat 18:00 gacha qabul qilinadi.