Tavsif
Yangi formatdagi “Universe” volontyorlar maktabining 1-mavsumi saralash jarayonlariga start berildi. Ushbu loyiha orqali shaxsiy rivojlanish istagida boʻlgan yoshlarga 2 oylik oʻquv kurslari va amaliyot dasturlari tashkil etiladi. Darslar 1-iyundan 31-iyulga qadar davom etadi. Dars vaqtlari asosan kunning 2-yarmida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Imtihon jarayonlari 4 bosqichdan iborat boʻlib, loyihada faqatgina eng kuchli 50 nafar yosh tahsil oladi. “Universe” volontyorlar maktabi 3 yillik tajribaga ega, volontyorlik va shaxsiy rivojlanishga oid koʻnikmalarni shakllantirishga yordam beruvchi loyihadir.
Maktabning eng asosiy maqsadi:
- Oʻzbekiston yoshlarini bir nuqtada bir maqsad yoʻlida birlashtirish;
- Insonlarda shaxs manfaatidan koʻra jamiyat manfaatini ustun qoʻyish immunitetini shakllantirish;
- “Volontyorlik” tushunchasini yoshlar orasida toʻgʻri va keng targʻib qilish;
- Jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, oʻzini oʻzi tashkil etishni, ijtimoiy masʼuliyat, birdamlik, oʻzaro yordam berish va rahm-shafqat tuygʻularini shakllantirishdan iboratdir.
Maʼlumot uchun: Maktab faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari Agentligi va Oʻzbekiston Volontyorlar Assotsiatsiyasi tomonidan moliyalashtirmoqda va faoliyatini qoʻllab-quvvatlamoqda. Tashkiliy masalalarda ham aynan mana shu tashkilotlar yordam berishi rejalashtirilgan.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.