Tavsif
Yustus Libix nomidagi Gisen universiteti, Markaziy Osiyodagi uchta tadqiqot instituti hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamkorlikda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qiziqqan talaba va yosh mutaxassislar uchun TRANS-LIVESTOCK yozgi maktabi taqdim etiladi.
“Tojikiston va Oʻzbekiston transchegaraviy mintaqasida chorvachilikning iqtisodiy integratsiyasi – TRANSLIVESTOCK” loyihasi Markaziy Osiyoning beshta davlatida qishloq xoʻjaligini rivojlantirishni ragʻbatlantiruvchi strategiyalarni toʻplashga qaratilgan.
Dastur “Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi rivojlanishining miqdoriy tahlili” (Quantitative analysis of agricultural development in Central Asia) mavzusida boʻlib jami 15 nafar ishtirokchiga dasturda qatnashish imkoniyati beriladi. Dastur toʻliq ingliz tilida olib boriladi.
Yozgi maktabda uyidagi mutaxassislar tomonidan bilim beriladi:
- Prof. Dr. Martin Petrik (Yustus Libix nomidagi Gisen universiteti);
- Doktor Sara Robinson (Yustus Libix nomidagi Gisen universiteti);
- Doktor Sherzod Babaxolov (Qishloq xoʻjaligini isloh qilish va innovatsiyalarni oʻrganish markazi, Oʻzbekiston);
- Irina Hopp M.Sc. (Yustus Libix nomidagi Gisen universiteti).
Yozgi maktab 2024-yil 30-sentyabrdan 4-oktyabrgacha Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutidagi Qishloq xoʻjaligini isloh qilish va innovatsiyalarni oʻrganish markazida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun: Loyiha soʻnggi paytlarda siyosiy yaqinlashuvning qoʻshni davlatlar Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy va ilmiy hamkorlikka taʼsirini oʻrganadi. Asosiy eʼtibor yuqori qiymatli va tez buziladigan chorvachilik mahsulotlarining yangi paydo boʻlayotgan savdo imkoniyatlari va Tojikistonning Sugʻd viloyati atrofidagi ikki davlat chegarasidagi yaylovlardan foydalanishga qaratilgan.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot tolish mumkin.