Tavsif
Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Turkiy Akademiya tomonidan TÜBA va Qirgʻiziston Turkiya Manas universiteti koʻmagida 2023-yilning 18-26-iyun kunlari “Yosh turkologlar” yozgi maktabi tashkil etiladi. Yozgi maktab turkologiya sohasidagi yosh olimlarni birlashtirib, ularning bir-birlari bilan uchrashishlari, oʻz loyihalari va tadqiqotlari bilan tanishishlari, yangi maʼlumotlar olishlari hamda professional maqsadlarda aloqalar oʻrnatishlari uchun imkoniyat yaratadi.
Yozgi maktabining ikkita asosiy maqsadi bor. Birinchisi, turkiy davlatlardan yosh olimlarni bir joyga toʻplash, ularning Turk dunyosi tarixi, arxeologiyasi, tili va adabiyoti boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarini chuqurlashtirish. Ikkinchi maqsad — ishtirokchilarning ilmiy nashrlar, taqdimotlar qilish va tadqiqot fondlaridan foydalanish kabi oʻzaro bogʻliq sohalarda koʻnikmalarini rivojlantirishga hissa qoʻshishdir. Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilar ishchi guruhlarga ajratilgan boʻlib, yozgi maktab mavzulari boʻyicha oʻz maʼruzalarini tayyorlash va oʻz xulosalarini katta olimlar bilan muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Yozgi maktab doirasida quyidagi fanlar boʻyicha kurslar oʻtkaziladi:
- Turk dunyosi tushunchasi;
- Turkiy davlatlar tarixi;
- Turk dunyosi arxeologiyasi;
- Turk dunyosi sanʼati va tafakkuri tarixi;
- Turkiy tillar va hozirgi turkiy tillarning umumiy xususiyatlari;
- Turk dunyosi mifologiyasi;
- Turk dunyosi dostonlari va afsonalari.
Maʼlumot uchun: Turkiy Akademiya turkiy davlatlar oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik uchun masʼul boʻlgan xalqaro tashkilot boʻlib, bu borada turli loyiha va tadbirlarni amalga oshirish vazifasini bajaradi. Shtab-kvartirasi Qozogʻistonning Ostona shahrida joylashgan.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.