Xalqaro Shaxmat Federatsiyasidan barcha havaskor va professional rassomlar uchun ijodiy ishlar tanlovi
Shveytsariya Shveytsariya
09 Iyl, 2024 · Muddat tugagan

Xalqaro Shaxmat Federatsiyasidan barcha havaskor va professional rassomlar uchun ijodiy ishlar tanlovi

Xalqaro musobaqalar Pul Mukofoti & Grant

Tavsif

Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi (FIDE) 20-iyul Xalqaro shaxmat kunini nishonlashga bagʻishlangan ijodiy ishlar tanlovini eʼlon qiladi.

Tashkilotchilar bu yilgi Xalqaro shaxmat kunida litsenziyaga ega hakamlar ishtirokida 24 soat ichida eng koʻp oʻynalgan onlayn va yuzma-yuz (oflayn) shaxmat oʻyinlari boʻyicha Ginnes rekordlar kitobiga kirishni niyat qilgan.

Ushbu tarixiy voqeani xotirlash uchun butun dunyo boʻylab rassomlarni ushbu ajoyib bayramda insonlarni ilhomlantiradigan ijodiy ishlar yaratish uchun tanlovda ishtirok etishi kutilmoqda. 2024-yil Xalqaro Shaxmat Federatsiyasining 100 yilligini nishonlayotganligi sababli “FIDE 100” mavzusidagi ijodiy ishlar qabul qilinadi.

Ijodiy ishlar 2 xil yoʻnalishda yaratilishi mumkin:

  1. AI artwork: ushbu yoʻnalishda ijodiy ishni sunʼiy intellekt (AI) vositalari yoki algoritmlari yordamida yaratish mumkin.
  2. Traditional Artwork: ushbu yoʻnalishda ishtirokchilar anʼanaviy usulda (qoʻlda) yaratilgan oʻz ijod namunalarini taqdim etadilar.

Yaratilgan ishlar quyidagi mavzulardan birini yoritib berishi kerak:

  • 1-mavzu: Taqdim etilgan ishlar 24 soat ichida eng koʻp oʻynagan shaxmat oʻyinlari boʻyicha Ginness rekordlar kitobiga kirish uchun urinishda ishtirok etishni targʻib qilish va ragʻbatlantirishga qaratilgan boʻlishi kerak. Bu esa shaxmatni insonlarni birlashtiradigan oʻyin sifatida oʻziga xosligini koʻrsatadi.
  • 2-mavzu: Ijodiy ishlar soʻnggi 100 yil ichida sodir boʻlgan baʼzi muhim shaxmat voqealarini aks ettirish uchun yaratilishi kerak. Ishtirokchilar 1924-yildan beri shaxmat olamining shakllanishida FIDE taʼsirini tasvirlashi lozim.

Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.

Kimlar uchun mo'ljallangan

  • Dasturda butun dunyo boʻylab yoshidan qatʼiy nazar barcha havaskor va professional rassomlar qatnashishi mumkin;
  • Nomzodlar anʼanaviy usulda (qoʻlda) yoki sunʼiy intellekt yordamida rasm yaratishlari kerak;
  • Barcha yaratilgan ishlar aynan shu tanlov uchun maxsus yaratilgan original boʻlishi lozim;
  • Ingliz tilini dasturda qatnashish darajasida bilish kerak (sertifikat soʻralmaydi);
  • Har bir ishtirokchi har bir yoʻnalish uchun faqat bitta ariza topshirishi mumkin.

Ijodiy ishlarga qoʻyilgan talablar:

  • Oʻlchami kamida 5 megapikseldan 15 megapikselgacha;
  • Fayl hajmi 10 MB dan kichik;
  • Ijodiy ish JPEG, PNG, GIF yoki TIFF formatda boʻlishi kerak;
  • Taqdim etilgan materiallar skanerdan oʻtkazilishi yoki suratga olinishi hamda belgilangan formatda topshirilishi kerak (Traditional Artwork yoʻnalishi uchun).

Yaratilgan ishning kontentiga qoʻyilgan talablar:

  • Asarning dizayni tomoshabinlarni oʻziga jalb qilishi va tushunishga oson boʻlishi hamda ishtirok etishni ragʻbatlantirish xabari koʻrsatilishi lozim;
  • Yaratilgan ishga kiritilgan har qanday matn ingliz tilida boʻlishi kerak;
  • 1-mavzu: ijodiy ish tanlov mavzusini oʻz ichiga olishi, unga tegishli sana (20-iyul) va tadbir tafsilotlarini aks ettirishi talab etiladi.

Ijodiy ishlar quyidagi mezonlar orqali baholanadi:

  • Ijodkorlik va oʻziga xoslik;
  • Mavzuga aloqadorlik darajasi;
  • Vizual taʼsir va estetika;
  • Umumiy kompozitsiya va ​​dizayn.

Eslatma: Ishtirokchilar bitta yoki ikkita yoʻnalishda ijod namunalarini taqdim etishi mumkin.

Imtiyozlar va qulayliklar

  • Gʻoliblar FIDE prezidentining maxsus sertifikatiga ega boʻladi;
  • Eng yaxshi uchta ijodiy ish uchun pul mukofotlari beriladi:
    • 1-oʻrin: 800 yevro;
    • 2-oʻrin: 500 yevro;
    • 3-oʻrin: 300 yevro.
  • Gʻolib boʻlgan ishlar Shaxmat olimpiadasi oʻtkaziladigan joyda chop etiladi va namoyish etiladi;
  • Oʻz ijod namunasini xalqaro auditoriyaga namoyish qilish imkoniyati.

Topshirish jarayoni

Dasturda qatnashishni istaganlar ushbu havola orqali ariza topshirishlari mumkin.

Hujjat topshirishda quyidagilar soʻraladi:

  • Shaxsiy maʼlumotlar;
  • Ijodiy ish mavzusi;
  • Nomzodning yoshi (agar 18 yoshdan kichik boʻlsa);
  • Ijodiy ishning qisqacha tavsifi (maksimal 1500 belgi);
  • Ijodiy ish tasvir yoki PDF fayl koʻrinishida yuklanadi (maksimal 10 MB).

Muhim: Ariza ingliz tilida toʻldirilishi kerak.

Qo'shimcha ma'lumot

  • Dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat: 10-iyul, 2024-yil;
  • Gʻoliblar Budapeshtda boʻlib oʻtadigan Shaxmat olimpiadasida aniqlanadi.

Muhim tafsilotlar

  • Imkoniyat turi

    Xalqaro musobaqalar

  • Moliyalashtirish

    Pul Mukofoti & Grant

  • Dastur tili

    Ingliz tili

  • Jins

    Erkak, Ayol

Shveytsariya Xalqaro Shaxmat Federatsiyasidan barcha havaskor va professional rassomlar uchun ijodiy ishlar tanlovi
09 Iyl, 2024
Muddat tugagan
GrantGo
© GrantGO 2026. Barcha huquqlar himoyalangan.