Tavsif
Yaponiyaning Kioto Oliy fanlar universiteti (KAUS)ning navbatdagi 2022/2023-oʻquv yili uchun qabul dasturi ochilmoqda. KAUS — nafaqat Yaponiya, balki dunyo miqyosida oliy muhandislik va texnika boʻyicha eng soʻnggi ilmlarni oʻzlashtirish, zamonaviy ilm-fan muhitida yangidan-yangi kashfiyotlar qilish imkonini beruvchi oliygoh hisoblanadi.
Universitet muhandislik fakultetiga (Engineering faculty) ariza topshirish niyatida boʻlgan eng iqtidorli talabalarni grant ajratish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlaydi. Yuz foiz grantga munosib deb topilgan nomzodlar 4 oʻquv yili davomida bepul oʻqish va stipendiya olish imtiyozini qoʻlga kiritadilar. Shuningdek, oʻqish pulini qisman qoplovchi grant ham mavjud. Abituriyentlarga qoʻyiladigan talablar esa, avvalo, fizika-matematika fanlarini puxta bilish va ingliz tilida erkin muloqot qila olishdir.
Talabalikka tavsiya etilganlarni haqiqiy ilm-fan muhiti kutib turadi. Oʻquv yilining oxirgi 2 yilida (3-4-kurslar) talabalar “Capstone Project” loyihasiga jalb etilib, texnologiya kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan real hayotiy muammolarni hal qilish ustida ish olib boradilar. Shuningdek, elektromobillar, dronlar, robotlar, sunʼiy intellekt, mashinalar, dvigatellar muammosi bilan bogʻliq yechimlar, elektr energiyasini ishlab chiqarish tizimlari yuzasidan chuqur bilimlarni egallaydilar. Darslar xalqaro toifadagi professor-oʻqituvchilar tomonidan olib boriladi.