Tavsif
Islom hamkorlik yoshlar forumi (ICYF) bir necha tashkilotlar, jumladan, Tatariston Respublika yoshlar jamoat jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Rossiya-Bolqon yoshlar forumini tashkil etmoqda.
Ushbu dastur 2022-yil 23-26-iyun kunlari Tatariston Respublika Federatsiyasining Qozon shahrida oʻtkaziladi.
Ushbu forum 3 yoʻnalishda boʻlib oʻtadi:
- Entrepreneurship — tadbirkorlik;
- Creative industries — ijodkorlik sohlari;
- Public diplomacy — xalq diplomatiyasi.
Dastur ingliz tilida olib boriladi, shu bois barcha ishtirokchilardan ingliz tilini bilish talab etiladi.
Dastur maqsadi Rossiya, Bolqon va IHT mintaqasidagi yosh yetakchilar va faollarni tadbirkorlik, ijodkorlik va xalq diplomatiyasi kabi sohalarga jalb etish va ularning ushbu sohalardagi bilim va tajribalarini yanada boyitishdan iborat.
Qolaversa, dastur quyidagi maqsadlarni ham oʻz oldiga qoʻygan:
- Bolqon, Rossiya va IHT yoshlari uchun tadbirkorlik, ijodiy sohalar va xalq diplomatiyasi sohasida oʻz gʻoyalari va loyihalari bilan boʻlishish uchun umumiy platforma yaratish;
- Madaniyatlararo aloqalar va hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan samarali muloqot muhitini taʼminlash;
- Yoshlar sharoitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratgan holda yangi loyihalar va hamkorlik aloqalarini oʻrganish, ularning mintaqada totuvlik, bagʻrikenglik, hamjihatlik va hamkorlikni taʼminlashdagi ahamiyatini oshirish;
- Mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun yetakchi va tadbirkorlar, shuningdek, hukumat vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash.