Tavsif
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanloviga arizalar qabul qilish boshlandi.
“Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovi yil davomida fan, adabiyot va noshirlik sohasida samarali faoliyat koʻrsatib, yoshlar va bolalarning kitob mahsulotlariga boʻlgan talab-istaklari, qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlashga, bilimi va maʼnaviyatini boyitishga munosib hissa qoʻshgan, jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻlgan ijodkorlar hamda nashriyot xodimlarini ragʻbatlantirib borishga qaratilgan loyiha hisoblanadi.
Tanlovni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad – mamlakatimizda bolalar va yoshlar adabiyotini rivojlantirish, kitob mahsulotlari sifatini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda shu sohada jonbozlik koʻrsatib kelayotgan mutaxassislarni ragʻbatlantirishdan iborat.
Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan noshirlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar hamda Oʻzbekiston Respublikasida rasman nashr etilgan kitob mualliflari ishtirok etishlari mumkin.