Tavsif
Yuqori sinf oʻquvchilari va universitet talabalari uchun xarajatlari toʻliq va qisman qoplanadigan yozgi tadqiqot dasturi — Hogwarts Summer School 2025 taqdim etiladi. Har bir loyiha uchun 6 tadan ishtirokchi saralab olinadi (1 nafari toʻliq moliyalashtiriladi, 1 nafari qisman moliyalashtiriladi, 4 nafari oʻqish toʻlovini toʻliq toʻlaydi yaʼni oʻzini oʻzi moliyalashtiradi).
Dastur quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan:
- Ishtirokchilarning tadqiqot koʻnikmalarini rivojlantirish: Tadqiqot guruhi bilan interfaol seminarlar va davra suhbatlari orqali fan, texnologiya, muhandislik, matematika va siyosatshunoslik boʻyicha qimmatli bilim va amaliy tajribaga ega boʻlish imkoniyatini berish.
- Jonli hamjamiyatning bir qismi boʻlish va tarmoq aloqalarini oʻrnatish: Dasturning ajoyib muhitiga shoʻngʻish bilan birga, NewUU va undan tashqaridagi talabalar, murabbiylar va professorlar bilan doimiy doʻstlik aloqalarini oʻrnatish.
- Yosh yetakchilarni tarbiyalash: Oʻzbekistonning kelajakdagi muammolarini hal qilish va kelajakdagi loyihalar ustida ishlash uchun yosh olimlar, yetakchilar va jamiyat faollaridan iborat hamjamiyatni shakllantirish.
Dastur quyidagi tartibda olib boriladi:
- Talabalar dastur oldidan oʻz loyihalari ustida masofadan turib (onlayn) ishlaydilar (iyun va iyul oylari).
- 1 haftalik tadqiqot dasturiga shaxsan tashrif buyurishadi (avgust oyining 2-haftasidan boshlab).
Dasturning oflayn qismi Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan Renessans oromgohida oʻtkaziladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.