Slovakiya almashinuv grant dasturi g'olibasi Ozodaxon O'ktamova bilan suhbat

Slovakiya Respublikasi almashinuv milliy grant dasturi g‘olibasi, Ozodaxon O'ktamova, bilan eksklyuziv intervyu

Assalomu alaykum, Ozodaxon, avvalo, erishgan yutig‘ingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Suhbat uchun vaqt ajratganingizdan minnatdormiz. O‘zingiz va erishga yutuqlaringiz haqida qisqacha aytib o‘tsangiz.

Assalomu alaykum, to‘liq ismi sharifim Ozodaxon O‘ktamova. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat  o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bo‘yicha 4-kursda o‘qiyman. Shu kunga qadar Global Leaders xalqaro konferensiyasida qatnashib, “The Best Speaker” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganman. “Duel” tanlovining tarjima yoʻnalishi bo‘yicha viloyat bosqichida 2-o‘rinni olganman. 2022-yilda esa Xalqaro Slovakiya Milliy stipendiyasi sovrindori bo‘lish nasib qildi va Pavel Juzof Safarik universitetida taʼlim olish uchun grant yutib oldim. Bundan tashqari, GrantGo (grantgo.uz) loyihasida tarjimon sifatida faoliyat yuritaman.

Yutgan grantingiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz. National Scholarship Program of the Slovak Republic (NSP) dasturi qanday dastur?

Slovakiya Respublikasi Milliy stipendiyasi yo‘nalishidan qat’i nazar, bakalavrning 3-4-kurs talabalari, magistrlar, PhD va tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan almashinuv dasturi hisoblanadi. Dastur davomida Slovakiya universitetlaridan birida bepul oʻqish, ilmiy izlanishlar olib borish mumkin. Dastur tanlangan kurs va yoʻnalishga qarab ingliz yoki slovak tilida 1 oydan 10 oygacha davom etadi. Shu muddatda ishtirokchilar oʻqish toʻlovlaridan ozod etiladioylik stipendiya va yoʻl xarajatlari uchun mablagʻ bilan taʼminlanadi. Bu dasturga yilida ikki marta ariza topshirish mumkin. 

Bu grantga kimlar ariza topshira oladi?

Bakalavr (kamida 2.5 yilini tugallagan bo‘lish), magistratura, doktorantura bosqichida o'qiyotganlar; universitet oʻqituvchilari, tadqiqotchi olimlar ariza topshira oladilar. Olim yoki ustozlar Slovakiya oliygohlarida dars berish yoki tadqiqot markazlarida tadqiqot olib borishi mumkin. Talabalar esa belgilangan muddat davomida Slovakiya universitetlarida almashinuv dasturi asosida tahsil olib qaytadilar. Barcha nomzodlarga ingliz yoki slovak tilini yaxshi bilish tavsiya qilinadi.

Grantning qanday manfaatli jihatlari bor?

Dasturga qabul qilingan talabalar 3 oydan 10 oygacha Slovakiya oliygohlarida bepul o‘qishi, tadqiqotchilar esa 1-10 oy mobaynida tadqiqot markazlarida faoliyat olib borishlari mumkin bo'ladi. Bunda Slovakiyaga borish-kelish uchun €500, yashash uchun oyiga €400dan €1050gacha stipendiya, tibbiy ko‘rikdan o'tish uchun €250 gacha mablag‘ ajratiladi. Yotoqxona masalasida ham maslahat va ko‘rsatmalar beriladi. Asosiysi, Yevropa bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Dastur qanday xarajatlarni moliyalashtirmaydi?

Dasturga qabul qilinganlar viza va boshqa hujjat bilan bog‘liq xarajatlarni o'zlari qoplashi kerak.

Nomzodlardan qanday hujjatlar talab etiladi?

  • CV;
  • Universitetga qabul qilinganlik xati (acceptance letter);
  • Motivatsiya xati (motivation letter); 
  • 2 ta tavsiyanoma xati (recommendation letter);
  • O‘qish dasturi (study program); 
  • O‘qish yo ishlash joyidan ma’lumotnoma (confirmation letter);
  • Baholar tarjimasi (transcripts).

Dasturga ariza topshirish uchun ishni nimadan boshlash kerak?

Dasturga ariza topshirish uchun, avvalo, saytda berilgan oliygoh va tadqiqot markazlaridan acceptance letter (qabul qilinganlik haqida xat) olish lozim. Ushbu xat olingandan so‘ng kerakli hujjatlarni ariza topshirish platformasiga joylash kifoya.

Universitet tanlashda nimaga e’tibor berish kerak, deb o‘ylaysiz?

  • Xalqaro reyting (ranking).  O‘qimoqchi bo‘lgan oliygohingiz xalaqaro reytingda qanchalik yuqori o‘rinda tursa, ta’lim berish sifati shuncha yuqori bo‘ladi. Tanlangan universitet reytingini Google orqali bilib olish mumkin.
  • Yo‘nalish. Hozirda o‘qiyotgan yo‘nalishingiz Slovakiya oliygohida ham mavjud bo‘lsin, aloqador yo‘nalish tanlang. Shunda rozilik xatini olishingiz osonlashadi.
  • Yotoqxona. Univeristetdan rozilik xati olishda ularning yotoqxona bilan ta’minlash-taminlamasligini aniq bilib olish kerak. Aks holda, grant yutgach o‘zingiz ijaraga uy yoki mehmonxona topishingizga to‘g‘ri keladi. Bu ortiqcha xarajat va vaqt talab etishi mumkin.

Dasturda g‘olib bo‘lish uchun hujjatlarni tayyorlashda aynan nimalarga urg‘u berish lozim?

Avvalo, motivatsiya xati, so‘ngra o‘qish dasturi (study program) va tavsiyanomalarga jiddiy ahamiyat berishni tavsiya qilaman. Bu 3 hujjat jami 30 ballik tizimda baholadani (har biriga 10 balldan). 

Motivatsiya xatini yozishda nimalarga e’tibor bergan afzal?

Dasturga qatnashishdan bo‘lgan maqsad va rejalar aniq aks etgani ma’qul. Umumiylikdan qochish tavsiya qilinadi.

Til sertifikatlarining dasturni yutishda ahamiyati qanday? 

Dastur doirasida sertifikatlar talab etilmaydi. Bu nomzodning tanlagan universitetga bog’liq. Rozilik xatini olishda ayrimlari so‘rashi mumkin. Umuman sertifikat so‘ramaydigan universitetlar ham talaygina.

Baholar dasturni yutishda qanchalik rol o‘ynaydi?

Dastur uchun, umuman olganda, ahamiyatsiz. Ammo tanlayotgan universitetining talablariga bog‘liq. 

Universitetdan rozilik xatini olish uchun nima qilish kerak?

O‘z yo‘nalishingizga mos oliygoh tanlagach fakultet mas’ullari bilan email orqali aloqaga chiqing. Aloqaga qancha erta chiqsangiz, shuncha yaxshi. Rozilik xatini olishda nomzodlardan ayrim hujjatlar (masalan, CV, motivatsiya xati, o‘quv dasturi va b.) so‘ralishi va bu ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin. 

Dasturga nechta odam qabul qilinadi?

Oldindan belgilangan qat’iy kvota mavjud emas. Umumiy topshiruvchilar soni va saviyasidan kelib chiqib turib grant uchun o‘rin ajratiladi. Masalan, 2021-yilning kuzgi mavsumi bo‘yicha talabalar orasidan jami 15 nafar (shulardan 5 nafari o‘zbekistonlik) qatnashchi saralab olingan.

Dastur bo‘yicha konsultatsiya kursini ochishni reja qilyapsizmi?

Ha, GrantGO jamoasi bilan birglikda konsultatsiya kursini tashkil etyapmiz. 3-aprelga qadar @effort_uz telegram manzili orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Darslar 4-apreldan boshlanadi. Kurs haqida batafsil tanishish uchun shu yerda kerakli havolani qoldiraman (kurs havolasi: https://t.me/grantgouz/1712).

Kelgusida dasturga topshirish istagida bo‘lgan nomzodlarga qanday tavsiyalarni bergan bo‘lar edingiz?

Avvalo, dasturga qatnashib o‘zlarini sinab ko‘rishdan qo‘rqmasliklarini tilayman. Dasturda g‘olib bo‘lish-bo‘lmasliklaridan qat’i nazar, kishida aniq reja, puxta tayyorgarlik, eng muhimi, aslida shu dastur men uchun kerakmi? degan savolga javob topish imkoni tug‘iladi. Muvaffaqiyatni ta’minlovchi vostilar ham shu, nazarimda.

Ozodaxon, bugungi maroqli suhbat uchun katta rahmat. Tavsiyalaringiz ko‘pchilikka asqatadi, degan umiddamiz. Kelgusidagi ishlaringizda omad yor bo‘lsin!

Rahmat, salomat bo‘ling. 

 

Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring!

Telegram: https://t.me/grantgouz 

Facebook: https://www.facebook.com/grantgouz/ 

Instagram: https://instagram.com/grantgouz 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar