Suhbat qobiliyatini "native spikerlar" bilan muloqot qilish orqali rivojlantirish uchun 5 ta mobil ilova

Avvalgi blog postimizda sizlar bilan chet tillarini samarali o'rganishdagi bepul ilovalar haqida gaplashgan edik. Ingliz tilini va boshqa xorijiy tillarni o'rganishda eng qoʻl keladigan qobiliyat esa bu albatta — gapirish, yaʼni speaking. Suhbatlashish qobiliyati (speaking) ni rivojlantirishda esa tajriba muhim hisoblanadi. Ayniqsa, oʻrganilayotgan tilni "native spikerlar" bilan suhbatlashish orqali his qilish, asl maʼnosini anglash – jarayonni yanada qiziq boʻlishida yordam beradi.

Demak, ushbu blogda suhbat davomida ravon va mazmunli gapirish uchun yordam beradigan bepul mobil ilovalar haqida maʼlumot beriladi. Quyidagi ilovalar orqali "native spikerlar" bilan yaqindan tanishish, oʻrgangan bilimlarni mustahkamlash, savollar paydo boʻlsa soʻrash imkoniyati mavjud.

 

Tandem

  1. Tandem — ushbu ilovani bugungi kunda juda koʻplab xorijiy til oʻrganuvchilar faol ishlatib kelishmoqda. Agar hali biror marta xorijliklar bilan onlayn suhbatlashib koʻrmagan boʻlsangiz, boshlanishiga juda foydali ilova hisoblanadi. 

Afzalliklari:

Xabar almashishda video yozuv, ovozli suhbat va qo‘ng'iroq xizmatlaridan foydalanish mumkin. Yozayotgan xabaringizni sifatini ta'minlash uchun sherigingiz jumlangizni tuzatishi yoki izoh qo‘shishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha vositalar ham mavjud.

Endi savol tugʻilishi mumkin, roʻyxatdan oʻtgandan soʻng qanday qilib suhbatdosh topish va savollaringizga professionallar tomonidan javob olishingiz mumkin?

Javobi esa oddiy, roʻyxatdan oʻtganingizdan soʻng sizga shu mobil ilovadan foydalanib kelayotgan odamlar muloqot qilish uchun xabar qoldiradi. Ularning akkauntlarida esa ularga berilgan izohlar va qiziqishlari, til bilish darajalari koʻp holatlarda yozilgan boʻladi. Yaʼni sizga xabar yozgan va suhbatlashmoqchi boʻlgan odam oldingi foydalanuvchilarga qanday yordam bergani, qaysi jihatlari kuchli ekani haqida foydalanuvchilar tomonidan fikr qoldirilgan boʻladi. Suhbatdosh tanlashda ularning qiziqishlari, til bilish darajasiga alohida eʼtibor qaratish kerak.

Ilovani yuklab olish: Android tizimi uchun, iOS tizimi uchun

 

Bilingua

Ushbu mobil ilovaning dizayni yorqin ranglarga asoslangan bo‘lib, interaktiv o‘yinlarga juda boy.

Afzalliklari:

Ilovadan foydalanish davomida xuddi o'zingizga o'xshagan xarakterli, qiziqishlari bir xil sherikni tanlashingiz mumkin. Buning uchun ro'yxatdan o'tish davomida qiziqishlaringiz va xarakterlaringiz haqida yozib qoldirasiz, undan soʻng siz bilan bir xil xarakter va qiziqishlarga ega odamlar suhbatlashishga taklif yozib qoldirishadi.

Masalan, sizning qiziqishingiz sport: futbol, tennis, parashyutdan sakrash kabi narsalar, xarakteringiz esa — samimiy, tirishqoq boʻlsa, sizga ham aynan shunday xususiyatlarga ega odamlar xabar yozadi. Til oʻrganishni oʻzingiz qiziqqan mavzudagi suhbatlardan boshlash, jarayonni tezlashtiradi. Bu esa tilni yaxshiroq qiziqish bilan davom ettirishga asosiy turtki boʻla oladi.

Yana bir o‘ziga xosliklaridan biri shuki, har kunlik yig'gan ballaringiz, o‘sish ko‘rsatkichingiz ko‘rsatib boriladi. Tilni turli xil o‘yinlar, quizlar, emotsiyalar orqali o‘rganishingiz mumkin.

Ilovani yuklab olish: Android tizimi uchun, iOS tizimi uchun

 

HiNative

Ushbu ilovadan hozirgi kunda 170 dan ortiq dunyo mamlakatlari aholisi foydalanadi.

Afzalliklari:

Ilovaning asosiy ustunligi savol-javob shaklida suhbatlar olib borilishi, yaʼni foydalanuvchi oʻrganayotgan tilining madaniyati, taomlari yoki grammatikasi haqida savollari boʻlsa yozishi yoki boshqa foydalanuvchilarning savollariga javob berib ball yig'ishi mumkin. Masalan, Amerika taomlari va madaniyatidagi qaysidir odatlariga juda qiziqsangiz bemalol savol yozib qoldirishingiz mumkin.

"Native spikerlar" savolga qisqa muddatda javob yozishadi. Savollaringizni rasm yoki ovozli xabar shaklida ham qoldirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz, bu esa talaffuzingizdagi kamchiliklarini to‘g‘irlashga yordam beradi.

Ilovani yuklab olish: Android tizimi uchun, iOS tizimi uchun

 

Speaky

Ushbu ilovadan foydalanuvchilar nafaqat ogʻzaki gapirish qobiliyatlarini, balki yozish (writing) qobiliyatlarini ham baravariga rivojlantirib ketish imkoniyatiga ega.

Afzalliklari:

Soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilishingizdan tashqari, ularni toʻgʻri yoza olasizmi yoki yoʻqmi bilib olishingiz mumkin. Agar xato yoki kamchiliklarga yoʻl qoʻysangiz, native spikerlar muloyimlik bilan sizga ushbu xatolarni toʻgʻirlashga yordam berishadi.

Ilovani yuklab olish: Android tizimi uchun, iOS tizimi uchun

 

Meetup

Ushbu ilova 20 yildan koʻproq muddat davomida juda koʻplab qiziqishlari va maqsadlari bir xil boʻlgan insonlarni onlayn holatda uchrashib, bir mavzuda suhbatlashishlari uchun ajoyib imkoniyatni taqdim etib kelmoqda.

Asosiy afzalligi jamoa bilan bitta mavzu tanlab shu mavzu haqida suhbatlashish, boshqa jamoa aʼzolarning fikrini eshitish orqali dunyoqarashini kengaytirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, bu ilovadan foydalanuvchilari juda faol muloqot qilishlari bilan ajralib turishadi. Hattoki, qiziqish va maqsadlari bir xil boʻlgan jamoa aʼzolari oflayn tarzda uchrashib katta loyihalarga ham qoʻl urishgan. 

Ilovani yuklab olish: Android tizimi uchun, iOS tizimi uchun

Xulosa

Chet tillarini o'rganishda olingan nazariy bilimlarni amalda qo'llash olgan bilimingiz mustahkam bo'lishida katta yordam beradi. Shunday ekan harakat qilishdan va boshqa odamlar bilan suhbat qilishdan uyalmang!

Oldingi post: Chet tillarini samarali o'rganishdagi bepul ilovalar 

Telegram: https://t.me/grantgouz 

Facebook: https://www.facebook.com/grantgouz/ 

Instagram: https://instagram.com/grantgouz 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar