Oʻzbekistondagi xorijiy universitetlar va ularning qabul yoʻnalishlari. Birinchi qism

Oʻzbekistonda kirish imtihonlari mavsumi yaqinlashgani sari koʻpchilik abituriyentlar xayolini qaysi universitetni tanlasam ekan, degan savol qiynay boshlaydi. Ayni vaqtda davlatimiz hududidagi 159 ta oliy taʼlim muassasalaridan 28 tasi xorijiy universitetlar filiallari boʻlib, ular oʻzlaridagi taʼlim sifati, oʻqish uchun qulay shart-sharoitlari hamda yuqori reytingi bilan abituriyentlar eʼtiborini tortib kelmoqda. Biz abituriyentlar ishini osonlashtirish maqsadida oʻquvchilarimiz uchun Oʻzbekistondagi eng sara xorijiy OTMlar haqida maqola tayyorladik.

 

Toshkentdagi Xalqaro Westminster universiteti

Oʻzbekistonda joylashgan eng taniqli oliy oʻquv yurtlaridan biri boʻlmish WIUT davlatimizda tashkil qilingan ilk xalqaro OTM boʻlib, 2002-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Westminster universiteti talabalarga bakalavrning 1-kursida umumiy “foundation” kurslarini taqdim etadi va 2-yildan boshlab talabalar oʻzlari qiziqqan sohalardan birida oʻqishni davom ettiradilar.

Taʼlimning 2-yilidan tanlanishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlar:

Kontrakt miqdori: ayni vaqtda barcha yoʻnalishlarda yillik kontrakt miqdori 32,993,400 soʻmni tashkil qiladi.

Universitetga qabul qilinish shartlari:  Minimal IELTS 5.5 ball qabul qilinishi mumkin boʻlsa-da, IELTS 6.0 va undan yuqori ballga ega boʻlgan nomzodlarga ustunlik beriladi. Shuni aytish kerakki, IELTS 5,5 ball olgan nomzodlarga joy kafolatlanmagan. Bundan tashqari, abituriyentlar matematikadan ham imtihon topshirishadi. Universitet haqida batafsil maʼlumotlarni universitet saytidan olishingiz mumkin.

 

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) 2014-yilda tashkil etilgan boʻlib, oliygohga Koreya Respublikasidagi INHA universiteti bilan hamkorligida asos solingan. Bugunga kelib 1500 dan ortiq talabalar universitetning ikki asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olmoqdalar.

Yoʻnalishlar:

  • Kompyuter va axborot muhandisligi (School of Computer Science and Information Engineering)
  • Logistika (School of Business and Logistics)

Kontrakt summasi: SOCIE (Kompyuter va axborot muhandisligi) uchun bir yillik toʻlov kontrakti miqdori 31.5 mln. soʻm, SBL (Logistika) uchun esa 33 mln. soʻmni tashkil qiladi.

Universitetga qabul qilinish shartlari: SOCIE (Kompyuter va axborot muhandisligi) uchun minimum IELTS talabi 5.0 ball boʻlib, nomzodlar shuningdek matematika va fizikadan ham test topshirishadi. SBL (Logistika) uchun minimum 5.5 IELTS talab qilinib, nomzodlar faqat matematikadan test topshirishadi. Universitet haqida batafsil maʼlumotlar bilan uning rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.

 

Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti

2009-yilda Italiyaning Turin politexnika universiteti (Politecnico di Torino) bilan hamkorlikda tashkil qilingan mazkur oliygoh avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika sanoati, arxitektura sohasidagi tashkilot va korxonalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.

Yoʻnalishlar:

  • Mashinasozlik texnologiyasi/Avtomobilsozlik texnologiyasi
  • Axborot texnologiyalari va sanoatda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari (Kompyuter muhandisligi)/ Dasturlash muhandisligi
  • Sanoatda xoʻjalik qurilishi va arxitektura/ Arxitektura va dizayn
  • Biznes boshqaruv – Menejment

Kontrakt miqdori: Toshkentdagi Turin Politexnika universitetida toʻlov kontrakti miqdori 28.5 mln. soʻmni tashkil etadi.

Qabul qilinish shartlari: TTPU ning birinchi bosqichiga qabul qilinish uchun abituriyentlar IELTS 4.5 (akademik) balldan kam boʻlmagan sertifikatga ega boʻlishlari lozim, ikkinchi bosqichi uchun esa bu talab 5.5 ball hisoblanadi. Shuningdek nomzodlar kirish imtihonidan ham oʻtishlari kerak. Kirish imtihonlari test shaklida boʻlib, qiyinlik darajasi Oʻzbekiston Respublikasi umumiy oʻrta taʼlim oʻquv dasturi darajasida boʻladi.

Test quyidagilardan iborat:

  • Matematika: 18 ta savol (vaqt: 40 daqiqa)
  • Oʻqib tushunish: 6 ta savol (vaqt: 12 daqiqa)
  • Mantiq: 6 ta savol (vaqt: 12 daqiqa)
  • Fizika: 12 ta savol (vaqt: 26 daqiqa)

Barcha savollar ingliz tilida boʻladi. Universitet saytida batafsil maʼlumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

 

Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti

Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti 2007-yil tashkil qilingan boʻlib, 2008-yilda ikki yoʻnalish boʻyicha ilk talabalarini qabul qilgan. Institutda bakalavrning 1-kursida “foundation” kurslari taqdim etiladi va 2-kursdan boshlab talabalar oʻzlari xohlagan yoʻnalishda oʻqishni davom ettirishadi. Oliygoh hozirda quyidagi yoʻnalishlarda bakalavr kurslarini taqdim etadi:

Bangor universiteti (Buyuk Britaniya) dasturlari

  • Bank va moliya sohasida bakalavr darajasi
  • Sanoat menejmenti boʻyicha bakalavr darajasi
  • Biznes va iqtisod boʻyicha bakalavr darajasi
  • Moliya, investitsiyalar va risklar boʻyicha bakalavr darajasi
  • Biznes uchun kompyuter axborot tizimlari boʻyicha bakalavr darajasi
  • Turizm va mehmondoʻstlikni boshqarish

Sanderlend universiteti (Buyuk Britaniya) dasturlari

  • Buxgalteriya hisobi va moliya
  • Biznes va menejment
  • Biznes va moliyaviy menejment
  • Biznes va marketing menejmenti
  • Moda mahsuloti va reklamasi

Teesside universiteti (Buyuk Britaniya) dasturlari

  • Sanʼat bakalavri (Hons) Inson resurslarini boshqarish
  • Sanʼat bakalavri (Hons) Loyiha boshqaruvi
  • Sanʼat bakalavri (Hons) Xalqaro biznes

Qabul qilinish shartlari:Nomzod minimum IELTS 5.5 ballga ega boʻlishi kerak yoki OTM tomonidan olinadigan ingliz tili testidan shunga ekvivalent ball olishi kerak. Shuni aytish kerakki, IELTS 5.5 ballga ega boʻlish sizning qabul qilinishingizni kafolatlamaydi, yuqoriroq ballga ega boʻlish sizga ustunlik beradi. Ballar teng boʻlgan holda taʼlimning oxirgi bosqichidagi diplom yoki shahodatnoma baholariga qaraladi.

Kontrakt miqdori: Kontrakt toʻlovi ayni vaqtda 28.8 mln soʻm miqdorida belgilangan.

Universitetning rasmiy saytida batafsil maʼlumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

 

Toshkentdagi Britaniya Menejment Universiteti

Toshkentdagi Britaniya menejment universiteti (British Management University) jahon taʼlim standartlariga amal qilgan holda, yetakchi kompaniyalar bilan oʻrnatilgan aloqalaridan foydalanib, shuningdek, moliya, biznes, moliya tahlili va audit sohasi va ular bilan bogʻliq fanlar boʻyicha talabda boʻlgan professional bilimlar bergan holda sifatli Britaniya taʼlimini taqdim etishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Ayni vaqtda universitet talablarga quyidagi yoʻnalishda bakalavr dasturlarini taqdim etadi:

  • Buxgalteriya hisobi va moliya
  • Bank ishi va moliya
  • Logistika va taʼminot zanjirini boshqarish
  • Loyiha boshqaruvi
  • Elektron biznes va raqamli marketing
  • Tadbirkorlik va innovatsiyalarni boshqarish
  • IT va biznes tahlili

Qabul qilinish shartlari: Minimum IELTS 5,5 yoki ekvivalenti (TOEFL ≥ 46, Duolingo ≥ 85, Pearson ≥ 42). Agar sizda IELTS kamida 5.5 boʻlmasa, siz BMU English Test va BMU English instructor bilan suhbatdan oʻtishingiz kerak boʻladi.

Kontrakt miqdori: 2022-2023 oʻquv yilida oʻqish toʻlovi toʻliq oʻquv yili uchun (2022-yil sentabr – 2023-yil may) 37 mln. soʻmni (soʻm) tashkil etadi. Batafsil maʼlumotlar bilan universitet saytida tanishishingiz mumkin.

 

Toshkent shahridagi Amity universiteti

Toshkent shahridagi Amity universiteti, boshlangʻich, bakalavriat va magistratura bosqichlarda oliy taʼlimning turli yoʻnalishlarida, jumladan axborot texnologiyalari, menejment, iqtisodiyot va turizm boʻyicha kasbga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlarini taklif etadi. Unda quyidagi yoʻnalishlar mavjud:

  • Axborot texnologiyalari
  • Iqtisodiyot
  • Kompyuter fanlari va injeneringi
  • Turizm boshqaruvi
  • Biznes boshqaruvi

Qabul qilinish shartlari: Yoʻnalishga qarab minimum IELTS 5 yoki 6 (yoki ekvivalent TOEFL balli), bundan tashqari yoʻnalishiga qarab matematika, fizika, kimyo fanlaridan imtihonlar va qobiliyat testlari topshiriladi, shu bilan birga nomzodlar intervyu ham qilinadi.

Kontrakt miqdori: 1-bosqichdagi “foundation” kurslariga 1 semestr uchun 12.5 mln soʻm kontrakt toʻlovi toʻlanadi. “Undergraduate”dagi yuqorida sanab oʻtilgan yoʻnalishlar uchun 1 semestriga 16,5 mln soʻmdan 23.825 mln soʻmgacha kontrakt toʻlanadi (1 yillik kontrakt toʻlovini hisoblash uchun bu miqdorlar 2 ga koʻpaytiriladi). Batafsil maʼlumotlar bilan universitet saytida tanishishingiz mumkin.

 

Toshkentdagi Webster universiteti

Mazkur OTM AQSHning Webster universiteti filiali sifatida ochilgan va  ushbu xususiy, notijorat universitetga roʻyxatdan oʻtish oson boʻlib, yiliga 2 marotaba ariza topshirish mumkin. Oliygoh talabalarga bir necha yoʻnalishlarda bakalavr dasturlarini taqdim etadi. Bular:

  • Iqtisodiyot
  • Xalqaro munosabatlar
  • Media
  • Biznes boshqaruvi
  • Boshqaruv axborot tizimlari

Qabul qilinish talablari: IELTS 6.0 ga teng yoki undan yuqori darajada ingliz tilini bilish( baʼzan minimum 5.5 IELTS ball ham qabul qilinishi mumkin)

Toʻlov kontrakti: Yiliga kunduzgi bakalavriat taʼlimi (yozgi kurslardan tashqari) $3,600 ni tashkil qiladi. Toʻlovni soʻmda amalga oshirish mumkin. Batafsil maʼlumotlarni universitet saytidan olishingiz mumkin.

 

Toshkent shahridagi YEOJU texnika instituti

Toshkent shahridagi Yeoju texnika institutining asosiy vazifasi mehnat bozorida talab qilinadigan zamonaviy kasbiy malakaga ega yuqori malakali kadrlar va mutaxassislarni tayyorlashdan iborat boʻlib, oʻquv dasturlari zamonaviy talablar va iqtisodiyotni rivojlantirish tendensiyalarini hisobga olgan holda va asosiy va potensial ish beruvchilar bilan kelishilgan holda shakllantiriladi. Institut bakalavriat talabalariga quyidagi yoʻnalishlarda kurslarni taqdim etadi:

  • Ingliz tili taʼlimi
  • Moda dizayni
  • Koreya filologiyasi
  • Rassomchilik
  • Arxitektura va shaharsozlik dizayni
  • Qurilish ishi
  • Buxgalteriya hisobi
  • Bank ishi
  • Goʻzallik estetikasi
  • Biznesni boshqarish
  • Moliya
  • Umumiy tibbiyot
  • Xalqaro iqtisodiy munosabatlar
  • Xalqaro marketing
  • Turizm

Institutda shular kabi jami 23 ta yoʻnalish mavjud.

Qabul talablari: “IELTS (5.5) / TOEFL iBT (60) / TOPIK (3)” chet tilini bilish boʻyicha rasmiy imtihon sertifikati (agar mavjud boʻlsa). Bundan tashqari yoʻnalish turiga qarab matematika, ona tili, fizika, kimyo, biologiya, Jahon va Oʻzbekiston tarixi kabi fanlardan testlar, shuningdek ijodiy imtihon ham mavjud.

Kontrakt miqdori: Yoʻnalish turiga qarab toʻlov kontrakti kunduzgi taʼlimda 18 mln. soʻmdan 26 mln. soʻmgacha boradi. Batafsil maʼlumotlarni www.ytit.uz saytidan olishingiz mumkin.

 

Sharda University Uzbekistan 

Hindistonning Sharda universiteti bilan ochilgan mazkur oliygoh   Oʻzbekistondagi birinchi mustaqil xususiy universitet boʻlib, u Andijon shahrida joylashgan. Oliygoh Yevrosiyo talabalari uchun haqiqiy darvoza boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan. Unda talabalar quyidagi yoʻnalishlarda oʻqishlari mumkin:

  • Kompyuter fanlari va muhandisligi
  • Kiberxavfsizlik boʻyicha ixtisoslashgan CSE
  • Sunʼiy intellekt va mashinaviy oʻqitish boʻyicha ixtisoslashgan CSE
  • Inson resurslarini boshqarish
  • Tadbirkorlik
  • Marketing
  • Xalqaro biznes
  • Amaliy ingliz tili

Qabul shartlari: IELTS 5 yoki undan yuqori ( baʼzi dasturlar IELTS 5.0 dan kam balni ham qabul qilishi mumkin).IELTS 5.0 dan yuqori ball toʻplagan va Sharda universiteti stipendiyasiga kirish imtihonidan oʻtgan talabalar ushbu tarmoq boʻyicha stipendiya bilan taqdirlanadilar.

Kontrakt miqdori: Toʻlov puli yoʻnalish turiga qarab $2800 dan $3200 gacha farqlanadi. Batafsil maʼlumotlarni universitet saytidan topishingiz mumkin.

Yuqorida sizga taqdim etilgan maʼlumotlar Oʻzbekiston hududidagi eng mashhur xorijiy oliy oʻquv yurtlari haqida edi. Keyingi maqolamizda yurtimiz hududidagi boshqa xorijiy va xalqaro oliy oʻquv yurtlari, shuningdek, ular taqdim etadigan grantlar haqida soʻz yuritamiz.

Telegram: https://t.me/grantgouz 

Facebook: https://www.facebook.com/grantgouz/ 

Instagram: https://instagram.com/grantgouz 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar