O'zbekistondagi xorijiy universitetlar va ularning qabul yo'nalishlari (2-qism)

O'zbekistondagi xorijiy universitetlar va ularning qabul yo'nalishlari (2-qism)

Ko'plab obunachilarimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda jamoamiz bilan hozirda O'zbekiston hududida faoliyat yuritib kelayotgan dunyoning mashhur universitetlari filliallari haqida ma'lumot bergan edik. Bugun shu mavzuni yana davom ettirishga qaror qildik. Galdagi maqolada mamlakatimizda ko'plab talabalarning tanloviga aylanib ulgurgan Rossiya va Koreyaning ba'zi oliygohlari filiallari haqida so'z yuritamiz.

Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining Toshkentdagi filiali

Mazkur dunyoga mashhur universitet tarixi XVIII asrga borib taqalib, koʻplab Nobel laureatlari uning bitiruvchilari yoki professorlari boʻlishgan va oliygoh hozir ham dunyoning top universitetlari qatorida turadi. Moskva Davlat universitetining Toshkentdagi filiali esa 2006-yilda ochilgan boʻlib, abituriyentlarga quyidagi yoʻnalishlarda bakalavr kurslarini taklif qiladi:

  • Amaliy matematika va informatika

Mazkur yoʻnalishga kirish uchun abituriyentlar 3 ta fan: Matematika, informatika, rus tilidan imtihon topshirishadi. Qabul kvotasi 60 ta boʻlib, ulardan 20 tasi grant asosida qabul qilinadi.

  • Psixologiya

Bu yoʻnalishga kirish uchun matematika, biologiya va rus tilidan imtihon topshiriladi va unga ham jami 60 ta talaba qabul qilinadi. Ulardan 24 tasi grant asosida, 36 tasi esa kontrakt asosida o'qiydi.

  • Reklama va jamoatchilik bilan aloqalar

Bu yoʻnalishda esa talabalar faqatgina ijtimoiy fanlar hamda rus tilidan imtihon qilinadi. Jami kvota 50 ta boʻlib, grant - 20 ta, kontrakt - 30 ta.

  • Filologiya (rus tili va adabiyoti)

Bu yoʻnalishga kirish uchun abituriyentlar Rus tili va adabiyotidan insho yozishadi hamda rus tilidan imtihon topshirishadi. Unda ham talabalarning 20 tasi kontrakt, 30 tasi grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Kontrakt miqdori: Ma'lumotlarga ko'ra, bakalavriatda oʻqish narxi yiliga 22 mln. soʻm. Batafsil ma'lumotlar bilan oliygoh saytida tanishishingiz mumkin: https://msu.uz

Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali

Mazkur universitet 100 yillik tarixga ega boʻlib, dunyo boʻyicha oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida yuqori reytinglarda turadi. Universitetning Toshkentdagi filiali 25 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Universitet ayni vaqtda quyidagi yoʻnalishlarda bakalavriat kurslarini taklif qiladi:

  • Analitik iqtisod va ekonometrika;
  • Biznes statistikasi va tahlili;
  • Iqtisodiyot va inson kapitalini boshqarish;
  • Moliya va kredit;
  • Korxona va tashkilotlar iqtisodiyoti;
  • Jahon iqtisodiyoti;
  • Xalqaro savdo.

Universitetga qabul qilinish uchun matematika, xorijiy til va rus tilidan imtihon topshirish talab etiladi.

Kontrakt miqdori: Universitet saytidagi maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda kontrakt miqdori yoʻnalishga qarab 24.4 mln. soʻm va 26.5 mln. soʻmni tashkil qiladi.

Batafsil ma'lumotlar bilan oliygoh saytida tanishishingiz mumkin: https://tashkent.rea

I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali

Universitetning Toshkentdagi filiali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning respublikada neftgaz va neftgazkimyo sanoatida yuqori malakali, oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish hamda oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2007-yilning 12-yanvardagi Prezident qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Universitet ayni vaqtda quyidagi yoʻnalishlarda bakalavriat kurslarini taklif qiladi:

  • Neft va gaz quduqlarini burgʻulash — 60 oʻrin;
  • Neft qazib chiqarish obʼektlarini ishlatish va xizmat koʻrsatish — 60 oʻrin;
  • Gaz, gazkondensat qazib chiqarish va yer ostida saqlash obyektlarini ishlatish va xizmat koʻrsatish - 35 o'rin;
  • Neft, gaz va ularning mahsulotlarini transport qilish va saqlash obyektlarini ishlatish va xizmat koʻrsatish — 60 oʻrin;
  • Gaz-neft quvurlari va gaz-neftni er ostida saqlash omborlarini qurish va taʼmirlash — 60 oʻrin.
  • Neft-gaz kompleksi tashkilotlari iqtisodiyoti – 60 oʻrin.
  • Ishlab chiqarish menejmenti – 60 oʻrin.

Imtihonlar quyidagi fanlardan oʻtkaziladi:

  • Matematika (barcha yoʻnalishlar uchun) — yozma;
  • Fizika (barcha texnik yoʻnalishlar uchun) — yozma;
  • Chet tili (ingliz) “Iqtisodiyot” va “Menejment” yoʻnalishlari uchun – ogʻzaki;
  • Rus tili (barcha yoʻnalishlar uchun) – yozma.

Talabalarning 40%i davlat granti, 60%i toʻlov kontrakti asosida oʻqishga qabul qilinadi. Batafsil ma'lumotlar bilan oliygoh saytida tanishishingiz mumkin: https://gubkin.uz

Rossiyadagi MISiS universitetining Olmaliqdagi filiali

Togʻ konchilik va metallurgiyaga ixtisoslashgan mazkur OTM quyidagi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlaydi:

  • Kon muhandisligi;

Mazkur yoʻnalishga 30 ta talaba grant, 45 ta talaba kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinib, matematika, fizika va rus tilidan imtihon topshiriladi. Shuningdek, sirtqi boʻlim ham mavjud boʻlib, unga faqat 50 ta talaba kontrakt asosida qabul qilinadi.

  • Metallurgiya;

Bu yoʻnalishda ham 30 ta grant va 45 ta kontrakt oʻrinlari mavjud va matematika, fizika, rus tili fanlaridan imtihon topshiriladi. Sirtqi boʻlimda esa 50 ta faqat kontrakt asosida oʻrinlar mavjud.

  • Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish;

Bu yoʻnalishda ham matematika, fizika hamda rus tilidan imtihon topshiriladi. 20 ta grant va 30 ta kontrakt oʻrinlar mavjud, sirtqi oʻqimoqchi boʻlganlar uchun esa 50 ta kontrakt oʻrinlari mavjud.

Kontrakt toʻlovi: 15.6 mln. so'm (stipendiya bilan)

Batafsil maʼlumotlarni universitet saytidan topishingiz mumkin: www.misis.uz

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Toshkent filiali

Mazkur universitet filiali Prezident qaroriga binoan 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan boʻlib, quyidagi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlaydi:

  • Xalqaro xususiy va fuqarolik huquqi;

Bu yoʻnalishda uchun xorijiy til, rus tili va ijtimoiy fanlardan imtihon topshiriladi.

  • Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar tahlili va modellashtirish;

Bu yoʻnalishga kirish uchun matematika, xorijiy til va rus tilidan imtihon topshiriladi. Ikkala yoʻnalishga ham 50 tadan talabalar qabul qilinadi. Toʻlov kontrakti miqdori esa yiliga 6100 AQSh dollarini tashkil qiladi. Batafsil maʼlumotlarni OTM saytidan topishingiz mumkin: https://uzb.mgimo.ru

Toshkent shahridagi Puchon universiteti

Toshkent shahridagi Puchon universiteti 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan tashkil qilingan boʻlib, u bir necha yoʻnalishlarda bakalavriat kurslarini taklif qiladi:

  • Maktabgacha taʼlim (3+1);

Bunda 3 yil Toshkentda, 4-yil ixtiyoriy ravishda Koreyada oʻqilishi mumkin.

  • Arxitektura (3+1);
  • Koreys tili va menejmenti (2+2).

Universitetga qabul yiliga ikki marta: bahorda va yozda amalga oshiriladi. "Maktabgacha taʼlim" va "Arxitektura" fakultetlariga topshirayotgan abituriyentda IELTS 5.5 yoki undan yuqori, yoki CEFR B1 va undan yuqori sertifikatlar boʻlsa imtihoning birinchi bosqichidan ozod qilinadi. "Koreys tili va menejmenti"da oʻqish uchun esa TOPIK3 soʻraladi.

Kontrakt miqdori: “Maktabgacha taʼlim” fakulteti uchun yiliga 2200 AQSh dollari, “Arxitektura” va “Koreys tili va menejmenti” fakultetlari uchun yiliga 3300 AQSH dollari miqdorda toʻlanadi. Universitetda grant oʻrinlari yoʻq. Batafsil maʼlumotlarni OTM saytidan olishingiz mumkin: https://bucheon.uz

Toshkent shahridagi Adju universiteti

Toshkent shahridagi Adju universiteti (AUT) Oʻzbekiston va Koreya hamkorligidagi xalqaro universitet hisoblanadi. AUT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi qarori bilan Toshkent shahrida tashkil etilgan. Talabalar unda quyidagi yoʻnalishlarda tahsil olishlari mumkin:

  • Arxitektura (125 oʻrin);
  • Qurilish muhandisligi (125 oʻrin);
  • Eletrotexnika va kompyuter muhandisligi (250 oʻrin).

Qabul qilinish uchun Ingliz tili talabi IELTS 5,0 va undan yuqori hamda ushbu darajaga teng sertifikatlar boʻlib, bundan tashqari yozma ravishda ingliz tilida matematikadan test topshiriladi.

Universitet talabalar uchun quyidagi koʻrinishdagi grantlar taqdim etadi:

Batafsil maʼlumotlarni OTM saytidan olishingiz mumkin: http://www.ajou.uz

 

Bugungi maqolamizda oʻquvchilarimizga Oʻzbekistondagi Rossiya va Koreya universitetlarining filiallari haqida maʼlumot berdik. O'zbekistondagi eng mashhur xorijiy universitetlar haqidagi maqolamizni bu yerda o'qishingiz mumkin.

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar