GPA nima? GPA'ning nega kerakligi va qanday hisoblanishi haqida batafsil
Odatda chet elda bakalavr yoki magistratura o'qimoqchi bo'lgan talabalar xorijiy universitetlarga hujjat topshirishda "GPA nima?", "GPA qanday hisoblanadi?" degan savollarga duch kelishadi. Mazkur maqolamizda GPA(JiPiEi) haqida barchasini bilib olasiz.
GPA nima?
Bakalavr yoki magistratura talabalari, shuningdek, maktab o'quvchilarining darslarni qay darajada o'zlashtirayotganligini ko'rsatib turuvchi o'rtacha baholar ko'rsatkichi bu GPA deb ataladi. Demak, GPA bu qandaydir imtihon yoki test emas.
GPA - Grade Point Average ma'nosi "o'rtacha ball ko'rsatkichi" bo'lib, 1-4 shkalada diplom yoki attestat (shahodatnoma)dagi baholarning o'rtachasiga qarab talabaning darslarni qay darajada o'zlashtirilganini aks ettiradi. Bu o'rtacha baho ko'rsatkichi, ya'ni GPA odatda universitetga qabul qilinishda sizning universitet standartlariga javob berishingiz yoki bermasligingizni aniqlab beradi.
Shuningdek, xorij universitetlariga bakalavr yoki magistr darajasiga o'qishga kirganingizda, sizning GPA'ngiz e'tibor berilishi kerak bo'lgan eng muhim narsalardan biridir. Bu sizning talaba sifatida qanday bilimga egaligingizni ko'rsatishi bilan bir qatorda, universitetdan grant yutish yoki moliyaviy yordam olishingizda ham muhim rol o'ynaydi.
Bizning baholash tizimimizda GPA qanday hisoblanadi?
1-qadam. Baholaringizni amerikacha tizimga o'tkazing.
Bunda:
5 baho=A= 4,0,
4 baho =B= 3,0,
3 baho =C=2,0,
2 baho =D= 1,0.
Agar baholaringiz ballik tizimda bo'lsa:
86-100 ball = a'lo = 4,0
71-85 ball = yaxshi = 3,0
56-70 ball = qoniqarli = 2,0
0-55 ball=qoniqarsiz=1,0
2-qadam. Amerikacha tizimga o'tgan (1-4) ballaringizning har birini o'sha fan o'tilgan jami soatlarga ko'paytiring va hamma natijalarni qo'shib, umumiy yig'indini toping.
Masalan:
4*102 (Falsafa)+ 3*189 (tarix)+ 3*151
(Ona tili) +2*200 (Matematika) = 1 828
3-qadam. Barcha fanlar uchun umumiy soatlar sonini hisoblang, masalan:
102 +189 + 151 + 200 = 642
4-qadam. Soatlar va baholar ko'paytmalari yig'indisi (1828)ni
jami soatlar soni (642)ga bo'ling:
1828 ÷ 642 = 2,84
Xulosa: to'rtta fan bo'yicha GPA - 2,84.
Shuningdek, siz amerikacha tizimga o'tkazilgan baholaringizni mana bu onlayn GPA kalkulyator orqali osonroq hisoblashingiz mumkin:
Bunda siz semestr davomida o'qilgan fanni jami soatlarini va uning to'g'risiga fandan semestr oxirida olgan yakuniy bahongizni kiritsangiz yetarli, kalkulyator o'zi hisoblab beradi.
Onlayn GPA kalkulyator: https://oakland.edu/gpa-calculator/
Xorij universitetlariga kirish uchun GPA talablari qanday?
Chet elda o'qish uchun minimal GPA talabi universitetga qarab farq qiladi, lekin 2.0 GPA odatda uchrashi mumkin bo'lgan eng past ko'rsatkichdir. Biroq, bunday past o'rtacha ko'rsatkichlar bilan qabul qilinish juda qiyin. Ko'pgina Amerika universitetlarida raqobatbardosh nomzod bo'lish uchun kamida 3,0 GPAni saqlashni tavsiya qilamiz va agar siz nufuzli universitetlarga kirishni istasangiz, unda 3,5 yoki balandroq GPA'ga ega bo'lishga harakat qilishingiz kerak.
Bu, albatta, agar sizda yuqori GPA bo'lmasa universitetga qabul qilinmaysiz, degani emas. Sizning GPA ballingiz siz o'lchanadigan mezonlarning faqat bir qismidir. Turli xil o'talgan amaliyotlar, SAT ballingiz va boshqa bir qator omillar ham sizning universitetga munosibligingizni aniqlash uchun rol o'ynamay qolmaydi.